Maqsad – jahon chempioni bo‘lish
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir ko‘plab sportchilar yetishib chiqmoqda. Taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Jasur Boyqo‘ziyev shunday yoshlardan.
Jasur Toshkent viloyati Angren shahrida tug‘ilgan. Angren axborot texnologiyalari kollejini tamomlab, 2005-yili Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga kirdi. Hozirgi kunda ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil olmoqda.
– O‘zim sportga juda qiziqqanim bois o‘g‘limning sportchi bo‘lishini orzu qilganman, – deydi uning otasi Tavboy Boyqo‘ziyev. – Jasur yoshligida futbol, boks, dzyudo to‘garaklariga qatnadi. O‘n olti yoshida taekvondo (WTF) bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Shu tariqa, u birinchi ustozi Dilshod To‘raqulov qo‘l ostida shug‘ullana boshladi.
Taekvondo (WTF) bilan muntazam shug‘ullanib, mahoratini oshirgan Jasur 2008-yili O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldi va milliy terma jamoamizga qabul qilindi.
U terma jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Kimdan taekvondo sirlarini puxta o‘zlashtirdi. Yosh sportchimiz xalqaro maydondagi ilk g‘alabasiga 2012-yili Germaniyadagi xalqaro turnirda erishdi. Shundan so‘ng, qator musobaqalarda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.
2014-yil Jasur uchun omadli keldi. Fransiya, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda bir necha bor shohsupaga ko‘tarildi. Toshkentda taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI Osiyo chempionati va Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
– Joriy yil ham men uchun juda mas’uliyatli, – deydi Jasur. – Sababi ushbu mavsumda Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun reyting ochkolarini beruvchi musobaqalar bo‘lib o‘tadi. Maqsadim – may oyida Rossiyaning Chelyabinsk shahrida bo‘ladigan jahon chempionatida g‘alaba qozonib, Gran-pri musobaqalarida muhim reyting ballariga ega bo‘lish va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishdir.
Bugun Jasur Boyqo‘ziyev, Nikita va Maksim Rafalovichlar, Dmitriy Shokin, Sarvar Sheraliyev, Abubakr Rasulov kabi mahoratli taekvondochilarga havas qilib, mazkur sport turi bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda.
– Taekvondo inson irodasini toblaydi, jismonan sog‘lom qilish barobarida, uning xarakterini tarbiyalaydi, – deydi terma jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Kim. – Mamlakatimizda taekvondo (WTF) yoshlar o‘rtasida jadal ommalashmoqda. Xususan, Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari yoshlari o‘rtasida mazkur sport turiga qiziqish ortib bormoqda.
Joriy mavsumda O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi vakillari Rossiya, Turkiya, Angliya, Meksikada tashkil etiladigan Gran-pri musobaqalarida ishtirok etadi. Ushbu musobaqalarning dekabr oyida Meksikada o‘tadigan bosqichida dunyoning eng kuchli sakkiz nafar sportchisi qatnashadi. Musobaqada har bir vaznda eng yaxshi natijaga erishgan 6 taekvondochiga Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi beriladi. Ishonamizki, Jasur Boyqo‘ziyev ham ular safida bo‘ladi.