Maqsad: har bir kishi yiliga o‘rtacha 10 ta kitob o‘qishiga erishish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026-2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasi (bir odam o‘qiydigan kitob soni)ni yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish asosiy maqsad etib belgilandi.
Qaror bilan Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomidagi Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi:
a) tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yo‘nalishidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
b) tanlov orqali iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida har oy haq to‘lash;
v) eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
g) vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash;
d) kitobxonlik reytingini shakllantirish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish.
2026 yil 1 fevraldan boshlab:
a) aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha "Kitob - ma’rifat manbai" dasturi amalga oshiriladi;
b) davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
v) transport infratuzilmasi ob’ektlari va transport vositalarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali "Mutolaa" platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar o‘rnatiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim muassasalarida "Jadidlar izidan" kitobxonlik klublari tashkil etiladi.
2026 yil 1 martga qadar tegishli soha bo‘yicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Har yili kamida 3 tadan kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali o‘zbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida ularni izohlar, lug‘at va misollar bilan boyitish amaliyoti joriy etiladi.
2026 yil 1 aprelga qadar barcha vazirlik va idoralarda "Kitob burchagi" tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda "Kitob o‘qish soati" yo‘lga qo‘yiladi.
Kitobxonlik bo‘yicha ichki reyting tizimi joriy etiladi.
Tanlov asosida eng ko‘p kitob o‘qigan xodimga Byudjet tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi hisobidan bir oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Eng ko‘p kitob o‘qigan top-100 talikka kiradigan o‘quvchi va talabalarning har biriga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
O‘zA