Maqsad – bozorlar to‘kinligini ta’minlash
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida ham joriy yil yakunigacha 3 ming 734 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot hosilini yetishtirish maqsad qilingan.
Ayni kunda chekka tumanda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish imkoniyati mavjud bo‘lgan 861 gektar bog‘ va tokzor oralariga to‘qsonbosti usulida sarimsoqpiyoz, ismaloq, piyoz va turli ko‘katlar yetishtirish ishlari allaqachon boshlangan. Shundan 509 gektar mevazor bog‘, 352 gektar uzumzor-tokzor qator orasida mahsulot ekib parvarishlanmoqda.

Elimiz dasturxoni to‘kinligi uchun hatto qish-qirovli kunlarda dugali plyonka ostida sabzavot-poliz mahsulotlari, shuningdek, sarimsoqpiyoz, ismaloq, kashnich, shivit, rediska va boshqa oshko‘klar yetishtirishning dolzarbligini teran tushunib yetgan “Sayot” hududidagi Shavkat Ishonov boshchilik qilayotgan “Oyxon Boboxon” fermer xo‘jaligi jamoasi ham 3 gektar yer maydonida barpo qilayotgan tokzor qator orasida ismaloq va kashnich yetishtirishni boshladi.
Ayni kuz mavsumi davom etayotgan shu kunlarda bu yerda bog‘ qatorlari orasi haydalib, begona o‘tlardan tozalandi. Har gektariga 2,5 kilogramdan ismaloq va kashnich urug‘lari sepilib, talab darajasida parvarishiga kirishildi. Muhimi, qish-qirovli kunlarda xo‘jalik a’zolari dasturxonida daladan sarxil uzilgan oshko‘klar bo‘ladi.

Tumanning “Do‘rman” hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Shahzodbek O‘rin Javohiri” fermer xo‘jaligi ham ayni mavsumda 32 gektar yerda paxta va 19 gektar maydonda sara bug‘doy yetishtirdi. Barakali xirmon ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Dehqonchilikda katta tajribaga ega fermer Ubaydulla O‘rinov xo‘jalik maydonlarida muntazam ravishda to‘qsonbosti ekinlar parvarishlab, munosib daromad olib kelayotgan mirishkorlardan biri sanaladi.

–Surxondaryo viloyatida kech kuzda piyoz yetishtirish agrotexnikasi to‘g‘risida eshitib, havas qilib yurgandim, –deydi fermer Ubaydulla O‘rinov. – Amalda shuni o‘z xo‘jaligimizda tajriba-sinov tariqasida yetishtirishga qaror qildik. G‘alladan bo‘shagan yerimizning yarim gektarida shu yil avgust oyida piyoz urug‘ini sepib obdon parvarishni boshladik. Piyoz ko‘chat usulida yetishtirilganda urug‘ 3-4 barobar kam sarflanadi hamda o‘toq va yagana qilish uchun qo‘l mehnati sarfi kamayadi. Bu bilan mahsulotning tovarbopligi va xaridorgirligi yuqori bo‘ladi. Tekis yerda zich urug‘ sepib yetishtirilgan piyoz ko‘chati qator orasiga ko‘chirilganida 12 gektarli keng maydonga aylanarkan. Hozir 7 gektarli konturda piyoz yetishtirishga o‘tdik. Qolaversa, piyoz yetishtirmoqchi bo‘lgan xo‘jaliklarga yana 5 gektarga teng piyoz ko‘chatini yetkazib bermoqdamiz. Shu usulda piyoz ko‘chatini ko‘chirib o‘tqazish orqali har gektaridan 100 sentner atrofida hosil olishni ko‘zlayapmiz. Hisob-kitob qilinsa, qish mavsumida piyozdan keladigan mo‘may daromad jamoa moddiy manfaatdorligiga xizmat qiladi.

Tumanda joriy yil yakunigacha 3 ming 734 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari yetishtirish maqsad qilingan. Buning uchun obdon sug‘orib, haydab tayyorlangan ekin maydonining 60 gektari fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, 2 ming 162 gektari aholi xonadonlaridagi tomorqa yeri hisoblanadi. Xuddi shunday, tumanda 1 ming 512 gektar ekin yeri esa davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida paxta va g‘alladan qisqartirilib, aholining ehtiyojmand qismiga tarqatib berilgan va ayni kunda sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri