Maqsad aholining bandligini ta’minlash
Buxoro viloyati Qorako‘l tuman hokimi Xurshid Tohirov hamda sektor rahbarlari va turli soha vakillari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Tumanning “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi so‘lim bog‘da bo‘lib o‘tgan qabul davomida aholi vakillari tomonidan ko‘tarilgan bandlik, ichki yo‘llarni ta’mirlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda kommunal masalalarga doir murojaatlar tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqilib, ularga yechim topish choralari belgilandi.

Jumladan, “Mirzaqal’a” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolar M.Nazarova, D.Shonazarovaning tikuvchilik bilan o‘zini o‘zi band qilish istagi inobatga olinib ularga tikuv mashinalari olib berildi. “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi H.Odilovning yo‘lni ta’mirlash yuzasidan qilgan murojaati ham inobatga olindi. Yana shu mahallada yashovchi fuqarolar M.Olimova hamda O.Rahimov maktabgacha ta’lim muassasalariga ishga joylashtirildi. Uch nafar fuqaroning kredit asosida yuk mototsikli olish istagi ham shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi.

Sayyor qabul doirasida aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni kuchaytirish, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish orqali aholining barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish maqsadida asbob-uskunalar ko‘rgazmasi va mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Fuqarolarning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar olish tartibi bilan bog‘liq ko‘plab savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi. Shu yerning o‘zida mehnat yarmarkasi ham o‘tkazildi. Unda 23 nafar ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning 18 nafari ishga joylashtirildi.


Qabuldan so‘ng “Yoshlar” va “Ayollar” daftariga kiritilgan 6 nafar yoshga motokultivator, 6 nafar ayolga tikuv mashinasi, “Temir daftar”dagi 4 ta oilaga esa inkubator topshirildi. Shundan so‘ng, tuman hokimi “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi. O‘rganish jarayonida tuman hokimi aholining turmush sharoiti bilan ham yaqindan qiziqdi.


Mahallaning deyarli har bir xonadonida qoramol boqiladi. Intizor Asadova ham bu borada ko‘pga ibrat bo‘lib kelmoqda. Farzandlari bilan halol mehnat qilib oilasi uchun qo‘shimcha daromad olayotgan Intizor opani Xurshid Tohirov alohida e’tirof etdi.
Zarif Komilov, O‘zA.