Maqom spektaklida Alisher Navoiy obrazi
Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri o‘zining ilk mavsumida tomoshabinlar e’tiboriga yangi premera – Nurullo Abbosxon qalamiga mansub “Navoiy” maqom spektaklini tuhfa etdi.
O‘tgan yilning dekabr oyida faoliyatini boshlagan mazkur teatr o‘zining birinchi mavsumiga alohida tayyorgarlik ko‘rdi. Teatrning maqom ansambli badiiy rahbari Doniyor Hakimov, sahnalashtiruvchi rejissyor Doston Haqberdiyev, kuy-qo‘shiqlarni tayyorlovchi bastakor O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurahmon Xoltojiyev ijodiy jamoa bilan o‘tgan oylar davomida olib borgan ijodiy izlanishlari hosilasi o‘laroq Alisher Navoiy obrazi maqom janrida gavdalantirildi.
[gallery-133]
Spektaklda Alisher Navoiy rolini aktyor Aziz Isroilov, Husayn Boyqaro rolini esa Botir Sultonov ijro etgan. Shuningdek, sahnada Abdurahmon Jomiy, Xisrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy, Kamoliddin Behzod singari tarixiy siymolar hamda Navoiy asarlarining bosh qahramonlari, Layli va Majnun, Farhod va Shirin obrazlari mahoratli gavdalantirilgan.
Maqomning sehrli olami bir zumda tomoshabinlarni qamrab oladi. Alisher Navoiyning “Sarahbori iroq”, “Ey, sabo”, “Soqiynomai bayt”, “Topmadim” singari g‘azallari asosida bastalangan kuy-qo‘shiqlar dillarga huzur bag‘ishlaydi.
Mazkur maqom spektakli Navoiy ijodi, uning asarlar yaratishidagi rang-barang dunyoqarashini o‘zida mujassam etgan. Tomoshaga kelgan har bir kishi Navoiy asarlari bilan yana bir bor tanishadi, ma’naviy dunyosini boyitadi. Navoiy g‘azallari asosida taralayotgan maqom kuy-qo‘shiqlari orqali uning ijod olamiga sayohat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA