Maqom san’ati ijodiy birlashmasi faoliyatini samarali tashkil etish muhokama etildi
Yurtimizda milliy madaniy merosni asrab-avaylash, san’atning noyob namunalarini kelgusi avlodlarga yetkazish va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid islohotlar izchil davom etmoqda.
Xususan, maqom san’atini rivojlantirish, uning boy an’analarini saqlash va zamonaviy madaniy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi «Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi doirasida ijodiy birlashmalar faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ularning ustuvor vazifalarini belgilash hamda ijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Maqom san’ati ijodiy birlashmasi faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Solihov, Madaniyat vazirligi mas’ullari hamda Maqom san’ati ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Munojot Yo‘lchiyeva ishtirok etdi.
Yig‘ilishda birlashmaning kelgusidagi faoliyatini aniq maqsad va vazifalar asosida yo‘lga qo‘yish, tashkiliy va ijodiy yo‘nalishlarni yanada takomillashtirish, maqom san’atining milliy meros sifatidagi ahamiyatini yuksaltirish hamda uni yangi avlodga munosib tarzda yetkazish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumki, maqom — xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy va musiqiy merosini o‘zida mujassam etgan noyob san’at turlaridan biri. Shu bois uning an’analarini chuqur o‘rganish, mavjud ilmiy va ijodiy merosni tizimlashtirish hamda yangi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Yig‘ilishda maqom san’atining boy milliy merosini ilmiy va ijodiy jihatdan o‘rganish, sohaga oid tadqiqotlarni rag‘batlantirish, maqom namunalarini asrab-avaylash va ularni zamonaviy avlodga yetkazish mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, maqom san’ati namoyandalarining ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi ijodiy loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy sahna formatlaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda yosh iste’dodlarni aniqlash va ularni maqom san’atiga keng jalb etish, ijrochilarning kasbiy mahoratini oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalari ham muhim o‘rin tutdi. Ayniqsa, ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash, yosh ijodkorlarni tajribali san’atkorlar bilan yaqin hamkorlikka jalb qilish va maqom ijrochiligi maktablarining uzviy davomiyligini ta’minlash dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.
Bu jarayonda yoshlarning maqom san’atiga qiziqishini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va professional o‘sishi uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda maqom san’atini xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib qilish masalasiga ham alohida urg‘u berildi. O‘zbekistonda shakllangan maqom maktablarining o‘ziga xos ijro an’analari, boy repertuari va ijodiy salohiyatini jahon madaniy maydonida namoyish etish, xalqaro ijodiy hamkorlikni kengaytirish va yangi madaniy loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, milliy maqom maktablari o‘rtasida ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish va birgalikdagi loyihalarni ko‘paytirish orqali sohaning ijodiy salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Muloqot davomida Maqom san’ati ijodiy birlashmasining kelgusidagi faoliyatini aniq maqsad va vazifalar asosida tashkil etish, ijodiy loyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda soha vakillari uchun munosib ijodiy muhit yaratish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, maqom san’atini yanada rivojlantirish, milliy ijrochilik maktablarini qo‘llab-quvvatlash va uning mamlakat madaniy hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
E’tiborlisi, bugun maqom san’atini asrab-avaylash nafaqat o‘tmish merosini saqlash, balki uning kelajakdagi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishni ham anglatadi. Bu borada ijodkorlar, ustozlar va yosh iste’dodlarni bir maqsad atrofida birlashtirish, milliy an’analarni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish maqom san’atining yangi bosqichdagi rivoji uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA