Maqom qo‘shiqlari avj pardalarda ijro etildi
Sirdaryoda milliy musiqa va maqom an’analarini asrab-avaylash, yosh avlod qalbiga chuqur singdirish maqsadida muhim tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi hamda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hududiy bo‘limi tashabbusi bilan kasaba uyushmalari tashkil topganining 120 yilligi va 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlab “Milliy qo‘shiqlar qalbimizda” shiori ostida maqomchilar ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.

Tadbir Guliston shahridagi 1-son Bolalar musiqa va san’at maktabining anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlovda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 35 dan ortiq professional va havaskor iste’dodlar sahnaga chiqib, o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Prezidentimizning 2017 yilda qabul qilingan “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sohada yangi davrni boshlab berdi. Keyingi yillarda maqom san’ati markazlari tashabbusi bilan 1300 dan ziyod madaniy tadbirlar o‘tkazilib, 430 mingdan ortiq tomoshabin jalb etildi. Shu bilan birga, maqom san’ati Tojikiston, Ozarbayjon, Vengriya, Latviya va Litva kabi mamlakatlarda ham keng targ‘ib qilinmoqda.

Tadbir ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Oybek Ashurmatov milliy maqomning xalqaro e’tirofga sazovor bo‘layotganini ta’kidlab, Shashmaqomning ikki yo‘nalishi – Buxoro Shashmaqomi va XX asrda shakllangan Farg‘ona–Toshkent an’analari asosidagi “Toshkent Shashmaqomi” haqida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, maqomning nufuzini yanada oshirish va kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida qoldirish muhim vazifa hisoblanadi.

Ishtirokchilar mahoratini baholash uchun nufuzli hay’at – O‘zbekiston xalq hofizi Isroiljon Vahobov, xizmat ko‘rsatgan artistlar Ahmadjon Dadayev va Asatulla Xoliqov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Aminjonov hamda san’atshunos Abdurahim Sultonovdan iborat jamoa ish olib bordi.
Natijalarga ko‘ra, ansambllar o‘rtasida 1-o‘rin O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hududiy bo‘lim ansambliga, 2-o‘rin Guliston shahar Ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ansambliga, 3-o‘rin esa Guliston shahar 1-son musiqa va san’at maktabi ansambliga nasib etdi.
Havaskor xonandalar yo‘nalishida Yangiyer shahar 4-son Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Shahriyor Dadajonov birinchi o‘rinni, Sirdaryo tumani 12-son maktab o‘qituvchisi Yorqin Xosilbekov ikkinchi o‘rinni, “Yunus Rajabiy” nomidagi institut talabasi Sitora Muhammadiyeva uchinchi o‘rinni egalladi.
Professional xonandalar orasida Sirojiddin Fozilov birinchi, Shahzoda Bekmurodova ikkinchi, Muzaffar Umarov esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar diplom, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar uchun tarixiy shaharlarga madaniy sayohat tashkil etilishi ma’lum qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri