Manzil koloniyasidagi sharoitlar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Qo‘ng‘irot tumanidagi jazoni ijro etish departamenti Oltinchi mintaqaviy hududdagi manzil koloniyasida yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida monitoring tashrifi amalga oshirildi.
– Mazkur koloniyada jazo muddatini o‘tayotganlarning umumiy ovqatlanish oshxonasi, davolash-profilaktika bo‘limi, yuvinish xonalari, yaqin qarindoshlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlarning tashkil etilishi, kutubxona va yaratilgan boshqa sharoitlar o‘rganildi, – deydi Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili J.Shlimbetov. – O‘rganish davomida manzil koloniyada kapital ta’mirlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan byudjet hisobidan koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sport maydonchasi tashkil etilgan. Ma’muriy binolar, yotoqxonalar hamda oshxona qayta ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Tashrif davomida mintaqaviy vakil hamda Jazoni ijro etish koloniyalarida qonunlarga rioya qilinishi ustidan nazorat bo‘yicha Qo‘ng‘irot maxsus prokurori tomonidan jamoaviy va yakka tartibda uchrashuv tashkil etildi. Unda mahkumlar tomonidan bildirilgan muammolar o‘rganildi. Jumladan, koloniyada uzoq muddatli uchrashuv maskanini tashkil etish choralarini ko‘rish bo‘yicha muassasa rahbariyatiga tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini aniqlash mezonlari asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash bo‘yicha komissiya yig‘ilishi tashkil etildi. Unda koloniyada jazo muddatini o‘tayotganlar bo‘yicha taqdim qilingan hujjatlar o‘rganilib, muassasada o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etgan 137 nafar mahkum tuzalish yo‘liga o‘tgan deb topildi. Shuningdek, mintaqaviy vakil tomonidan mazkur manzil koloniyadan Qo‘ng‘irot tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga yotqizilgan mahkum Jabbarbergen Qadirimbetovning ahvolidan xabar olindi.

Mahkumning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bor ekanligi aniqlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli tavsiyalar asosida shu kunning o‘zida bemorga Nukus shahridagi respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya tibbiyot markazida davolanishi uchun yo‘llanma berilib, kasalxonaga yotqizildi. Bemorning sog‘lig‘i mintaqaviy vakil tomonidan doimiy nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri