Mannon Uyg‘ur xotira kechasi
Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston Xalq artisti, rejissyor Mannon Uyg‘ur (Majidov) tavalludining 125 yillik xotira kechasi keng nishonlandi.
Tadbirda Mannon Uyg‘urning ibratli hayot yo‘li va o‘zbek professional teatrini tashkil etishdagi sermahsul ijodi haqida atroflicha fikr almashildi. Mamlakatimimzda bu san’atning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Olim Xo‘jayev, Shukur Burxonov kabi buyuk san’atkorlarning xizmatlari alohida e’tirof etildi. Mannon Uyg‘ur sahnadagi ilk faoliyatini 1916 yil Toshkentdagi “Turon” truppasida havaskor aktyor sifatida boshlagan. Oradan uch yil o‘tib, Toshkent shahrida o‘zbek professional truppasini tashkil etib, unga rahbarlik qilgan.
Truppada sahnalashtirilgan spektakllarda rollar ijro etgan. 1918 yilda “Turkiston tabibi” asarini yozib, unda Yeshimqul obrazini talqin etgan. 1921 yil G‘ulom Zafariyning “Halima” musiqali dramasini sahnalashtirib, undagi Rahim rolini ijro etgan. G‘ofur G‘ulomning “Boy ila xizmatchi” asaridagi G‘ofur obrazini yuksak mahorat bilan yaratgan. Moskvada O‘zbek maorif uyi qoshidagi drama studiyasida ta’lim olib qaytgach, Hamza teatrining rejissyori va badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Ozarbayjon va Tatar dramaturglarining qator asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘zbek teatr maktabining asoschisi, aktyor, tarjimon, dramaturg va rejissyor Mannon Uyg‘ur 1932 yilda “O‘zbekiston Xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘lgan. 1978 yil Surxondaryo viloyati musiqali drama teatriga Mannon Uyg‘ur nomi berilib, 2016 yil bu dargoh Surxondaryo viloyati musiqali drama teatriga aylantirilgan.
– Mening onam Xadicha Boboxonova Mannon Uyg‘urning shogirdi bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Gulnora Ravshanova. – U kishining qo‘llarida ikki yil tahsil olgan. Shu davrda onam mohir aktyor nazariga tushib qolgan. Keyinchalik Mannon Uyg‘ur onam bilan Zebo G‘aniyevani Moskvaga o‘qishga jo‘natgan. Onamning aytishicha, ul zotni hech kim Mannon Uyg‘ur, deya atamagan. Uyg‘ur og‘a, deyishgan. Xadicha Boboxonovaning taniqli aktrisa bo‘lishida ustozlari Mannon og‘aning xizmati juda katta bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Zebo G‘aniyeva frontda xizmat ko‘rsatishga yo‘l olgan. Onamni Surxondaryo viloyati musiqali drama teatriga jo‘natishgan. Onam shu teatrda 65 yil ijod qilib, sahnada 150 ga yaqin obraz yaratgan. Men ham O‘zbek teatr maktabining asoschisi, buyuk aktyor Mannon Uyg‘ur shogirdining shogirdi bo‘lganimdan hamisha faxrlanaman. Onam Xadicha Boboxonova izidan borib, shu teatrda 60 yil mehnat qilib qo‘ydim. Yuzdan ortiq rol ijro etdim. Bir safar uyda Mannon Uyg‘urni eslaganlarida onam ustozining so‘zga juda usta bo‘lganini aytib, har bir kishidan so‘zni ravon aytishni qat’iy talab qilganini yodga olgan edi.
San’at fidoyisi 1955 yil oktyabr oyida 58 yoshida vafot etgan. Mustaqillik yillari boshqa marhum ulug‘ san’atkorlar singari Mannon Uyg‘urning ham o‘zbek teatr san’ati rivojidagi xizmatlari alohida e’tirof etilib, davlatimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Xotira kechasining teatrlashtirilgan dasturida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri san’atkorlari turli spektakllardan sahna ko‘rinishlari, Mannon Uyg‘ur sahnalashtirgan “Halima” spektaklidan ariyalarni, shuningdek, dilrabo kuy-qo‘shiqlarni ijro etdi. Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri san’atkorlari va Termiz ixtisoslashgan san’at maktabi o‘quvchilarining musiqali kompozitsiyalari namoyish etildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA