Mandalay aeroportida xalqaro va ichki reyslar to‘xtatildi
“Myanmar Airways International” (MAI) aviakompaniyasi Mandalay xalqaro aeroporti yaqinidagi harbiy ob’ektga dron bilan hujum uyushtirilishi ortidan ushbu havo qo‘nalg‘asidan amalga oshiriladigan barcha xalqaro reyslarni vaqtincha to‘xtatdi.
“9Kirins Travel” sayyohlik agentligi e’lon qilgan bayonotda ta’kidlanishicha, bu qaror to‘satdan yuzaga kelgan vaziyat sababli qabul qilingan va keyingi bildirishnomagacha amal qiladi. MAI hamda “Mingalar Aviation” tomonidan Mandalay yo‘nalishi bo‘yicha uchgan barcha ichki reyslar Pin-U-Lvin shahridagi Anisakan aeroportiga yo‘naltirilmoqda.
Parvoz cheklovi 10-sentabr kuni tushdan so‘ng sodir bo‘lgan hujum bilan bog‘liq. Inqilobiy kuchlar tomonidan uchirilgan 6 dron orqali xalqaro aeroportga yaqin joylashgan Tada-U harbiy-havo maskani nishonga olingan. Hujum oqibatida 4 samolyot zarar ko‘rgan, 2 tasi foydalanishga mutlaqo yaroqsiz holga kelgan.
“9Kirins Travel” yuzaga kelgan noqulaylik uchun yo‘lovchilardan uzr so‘rab, ularga ikki xil yechim taklif etmoqda: chipta qiymatini 100 foiz qaytarib olish yoki bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan taqdirda, jarimasiz boshqa muqobil yo‘nalishga bepul qayta rasmiylashtirish.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA