“Manchester Siti” futbol klubi delegatsiyasi Toshkentda
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubi, “Kinkladze Global” hamda “SMH Sports” kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Sport vazirligi, MOQ va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistonda professional futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh futbolchilarni seleksiya qilish va murabbiylar malakasini oshirish yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. MOQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda “City Football Group” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy professional klublar bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatish, yosh futbolchilar uchun “Manchester Siti” metodikasi asosida maxsus tayyorgarlik dasturlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida, Angliya klubining hamkorlik dasturi bo‘yicha direktori Jonatan Smit o‘zbek futboli dunyo e’tiboriga tushganini alohida ta’kidlab, mehmonlarda mamlakatimizdagi iqtidorli yoshlarni ko‘zdan kechirishga katta qiziqish uyg‘onganini qo‘shimcha qildi.
Tashrif doirasida mehmonlar “Olimpiya shaharchasi” infratuzilmasi, «Paxtakor» va «Bunyodkor» klublari mashg‘ulot jarayonlarini ko‘zdan kechirish barobarida hududlardagi qator klublarning faoliyati bilan ham tanishish ko‘zda tutilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA