«Manchester Siti» «Atletiko»ni nazorat o‘yinida mag‘lub etdi
Uchrashuvdagi dastlabki gol 43-daqiqada kiritildi.
«Manchester Siti» Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan nazorat uchrashuvida Madridning «Atletiko» klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvdagi dastlabki gol 43-daqiqada kiritildi. «Atletiko» yarim himoyachisi Morten Yulmann jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda esa «Manchester Siti» vaziyatni o‘z foydasiga o‘zgartirdi. 57-daqiqada Omar Marmush Antuan Semenyoning uzatmasidan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi.
Oradan atigi ikki daqiqa o‘tib, Marmush yana gol urdi. Misrlik futbolchi Semenyoning navbatdagi assistidan keyin «Manchester Siti»ni oldinga olib chiqdi.
Uchrashuvdagi so‘nggi gol 90-daqiqada kiritildi. Rayan Ayt-Nuri Divayn Mubamaning uzatmasidan keyin hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Shu tariqa «Manchester Siti» Seuldagi nazorat uchrashuvida «Atletiko»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi.