Ma’naviyat festivali davom etmoqda
Buxoro viloyati Kogon tuman hokimligi, tuman axborot-kutubxona markazi, madaniyat bo‘limi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kogon tumani bo‘linmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ma’naviyat festivali” bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kogon tumani bo‘linmasi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, el suygan taniqli aktyorlar, ijodkorlar, shoir va yozuvchilar, shuningdek, ma’naviyat va ma’rifat sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan o‘qituvchilar, nuroniy va faxriylar, yoshlar keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari har bir xalqning o‘zi uchun e’zozli, milliy qadriyatlari, shuningdek, asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelgan qadriyatlari, tili, ma’naviyati hamda madaniyati bilan uzviy bog‘liqligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
–Festivaldan ko‘zlangan maqsad – ma’naviy merosimizning nodir namunalarini hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, farzandlarimizni mard va jasur ajdodlarimizga xos bo‘lgan milliy g‘urur, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kulolchilik, zardo‘zlik va zargarlik, kashtachilik kabi qadriyatlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish, ommalashtirish hamda milliy iftixor darajasiga ko‘tarishdan iboratdir, –deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kogon tuman bo‘limi rahbari Madina Muhiddinova.
[gallery-13289]
Tadbir doirasida kogonlik hunarmandlarining ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA