Ma’naviyat festivali davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostidagi Ma’naviyat festivali doirasidagi tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda taniqli aktyor va aktrisalar, san’at vakillari, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, ma’naviyat va ma’rifat sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan o‘qituvchilar, nuroniy va faxriylar, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining a’zolari, talaba va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida tumandagi Chilpiq tarixiy yodgorligiga sayohat uyushtirdi. Mehmonlar sayohat davomida me’moriy yodgorlik hamda tuman tarixi bilan ham tanishdi.
Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” aholining keng qatlami, avvalo, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga xizmat qilmoqda. Festival doirasida «Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans sari!», «Ma’rifat ulashib...», «Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi», «Mening farzandim – O‘zbekiston faxri», «Faol fuqaro», «Ma’rifat tur», «Maqom kechalari», “Baxtli bolalik” kabi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limida, 82-sonli umumta’lim maktabi hamda 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida ma’naviyat soatlari bo‘lib o‘tdi. Ularda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va ziyolilar, faol yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur festivalning ahamiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar mazmun-mohiyati borasida fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shuningdek, har bir hududning o‘ziga xosligiga qarab loyihalar tanlanayotgani, unda aholi vakillari faol ishtirok etib, katta qiziqish bildirayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama zukko, bilimli, jamiyat hayotida faol etib tarbiyalash, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga uchrashuvlarda o‘sib, voyaga yetayotgan yosh avlodni har tomonlama mukammal va mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan yoshlar sifatida tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobiliyatini rivojlantirish, o‘quvchi-talabalarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga e’tibor qaratish lozimligi ham qayd etildi. Aholi vakillari tomonidan berilgan savollarga hayotiy misollar bilan javoblar berildi.
Uchrashuvlarda tumandagi ijodkor yoshlar yig‘ilganlarga o‘z iste’dodlarini namoyish etdi va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Bolalar ijrosidagi qoraqalpoq milliy raqslari hamda qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbirlar tuman madaniyat va aholi dam olish maskanida, Xotira maydonida davom etib, “Maqom kechasi” tashkil qilindi.
Ma’naviyat festivali doirasidagi tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA