Ma’muriy sudlov ishlariga ham yarashuv normalari kiritilmoqda
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidagi yana bir band ijrosi ta’minlanmoqda.
Ma’muriy sudlov ishlariga ham yarashuv instituti joriy etilmoqda va shu bois, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida ana shu qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
– Partiyaning insonparvarlik g‘oyalaridan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksidagi yarashuv instituti bilan bog‘liq normalar endilikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tatbiq etilmoqda. —– deydi fraksiya a’zosi Muxtabar Husanova. — Ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning o‘nta moddasi yarashuv instituti doirasiga kiritilmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, yarashuv asosida ma’muriy huquqbuzarlik ishini tugatish uchun aybdor shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lishi, keltirilgan zararni qoplashi, shu bilan birga, jabrlanuvchi uni kechirishi lozim bo‘ladi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda “Milliy tiklanish”chilar tashabbusi bilan yarashuv asosida tugatilishi mumkin bo‘lgan moddalar soni yana ikkitaga ko‘paydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi natijasida jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazish (133-modda) yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi (134-modda) bilan bog‘liq huquqbuzarliklar boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan ko‘proq sodir etilmoqda.
Amaldagi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi yarashuv instituti asosida tugatilishi mumkin. Lekin ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yuqorida qayd etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatilishi mumkin emas. Yetkazilgan zarar qoplangan taqdirda ham, jabrlanuvchining da’vosi bo‘lmasa ham shaxsga nisbatan jazo qo‘llash qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shu munosabat bilan fraksiya a’zolari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133, 134-moddalarini yarashuv instituti doirasiga kiritishni maqsadga muvofiq deb hisoblashdi.
Qayd etish lozim, ushbu ma’muriy huquqbuzarliklarni yarashuv instituti doirasiga kiritish masalasi qonun tashabbuskorlari e’tiboridan chetda qolgan edi. Deputat Muxtabar Husanovaning aytishicha, agar bir yil davomida yarashuv instituti doirasiga tushuvchi ma’muriy huquqbuzarlik takroran sodir etilsa, yarashuv instituti normalari qo‘llanilmasligi belgilangan edi. Biroq fraksiya a’zolarining qat’iyligi bilan ushbu norma ham chiqarib tashlandi va shaxs tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, u aybiga iqror bo‘lib, keltirilgan zararni qoplasa va jabrlanuvchi uni kechirsa, jinoyat ishi yarashuv instituti asosida tugatilishi belgilab qo‘yildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA