Ma’muriy jazolar liberallashtirilyapti
Prezident tomonidan 2021 yil 30 noyabrda «Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun imzolandi...
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin.
Haydovchilar belgilangan tezlikni oshirib yuborganida qayd etilgan tezlikdan 5 km/soat chegirib tashlab jazo qo‘llaniladi.
Haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlarni, ishonchnomani, sug‘urtani yonida olib yurishi talab etilmaydi. Ta’kidlash joiz, mazkur tartib 2022 yil 1 martdan kuchga kiradi.
Shuningdek, transport salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilindi.
Valyutalarni noqonuniy olganlik uchun jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha etib belgilandi. Ilgari qat’iy BHMning 20 baravari edi.
Avtomobilda yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashiganlik uchun fuqarolarga jarima BHMning 7 baravari etib belgilandi. Ilgari BHMning 20 baravaridan 100 baravarigacha edi.
Ichki ishlar vazirligi axborotni (transportni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar, ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi, transportga egalik qilish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta polislari haqidagi axborotni) ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasalari bergan biometrik pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) asosida planshetlar va kompyuterlar vositasida foydalangan holda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan tekshirish tartibini Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi yagona elektron ish yuritish tizimi doirasida 2022 yil 1 martga qadar bo‘lgan muddatda joriy etadi.
Dilshod KAMILOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi raisi