Mamlakatning eng kuchli dzyudochilari aniqlanmoqda
Jizzaxdagi «Jizzax kibersport arenasi» majmuasida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan mamlakat chempionatida ilk g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 300 nafardan ziyod sportchi qatnashayotgan chempionatning birinchi kunida erkaklar -60, -66 kg, ayollar esa -48 va -52 kg vazn toifalarida o‘zaro raqobatlashdi.

Ushbu bahslarda Laziza Haydarova 48 kilogrammgacha vaznda g‘alaba qozongan bo‘lsa, kutilganidek, 52 kilogramm vazndagi ayol dzyudochilar bellashuvida amaldagi mamlakat chempioni Gulhayo Jo‘rayeva oltin medalni qo‘lga kiritdi.

-66 kg. vazn toifasidagi bellashuvlarda Azizbek Ortiqov barcha raqiblarini yengib, O‘zbekiston chempioniga aylandi. Vazni -60 kg. bo‘lgan Anvarjon Ibrohimov va Murodil Murodilloyev musobaqaning oltin medali uchun o‘zaro raqobatlashdi. Bellashuvda A.Ibrohimovning qo‘li baland keldi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston chempionati oldidan bahslarni boshqarib boradigan hakamlar uchun seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi Hakamlar hay’ati raisi Bahodir Uzakberganov boshchiligidagi 12 nafar referimiz mamlakat chempionati bahslarida hakamlik qilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA