Mamlakatimizga faqat asil, sifatli mahsulotlar kelsin
Mamlakatimizda kontrafakt mahsulotlariga qarshi kurashni yanada jadallashtirish, aholi salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ushbu mahsulotlarning mamlakatimiz hududida aylanmada bo‘lishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish maqsadida har yili 15 fevraldan 15 martga qadar “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkaziladi.
Intellektual mulk huquqini himoya qilishda, mamlakatimiz hududiga inson hayoti va salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi mahsulotlarning kirib kelishining oldini olish, kontrafakt tovarlarga qarshi kurashishda bojxona organlarining roli muhim hisoblanadi. Ushbu oy doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida “Kontrafakt mahsulotlariga qarshi kurashishda bojxona xizmatining o‘rni” mavzusida tadbirkorlik sub’ektlari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda bojxona, Adliya va Savdo-sanoat palatasining mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, kontrafakt mahsulot — bu intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan va sotiladigan tovarlar hisoblanadi. Ko‘pincha ichki iste’mol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo, kosmetika hamda dori-darmon kabi mahsulotlarga oson taqlid qilingan holda qalbakilashtiriladi va undan nusxalar olinadi. Bunda tovar belgisi va ishlab chiqaruvchi nomidan foydalinishni ko‘zlab, taniqli, sifatli tovar ishlab chiqaruvchi brendlar nomiga aynan o‘xshatib yasalgan nomlar ostida kontrafakt tovarlar ishlab chiqarish urfga kirgan.

Davra suhbatida bojxona organlarining intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, davlatimiz investitsion jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga qarshi samarali kurashdagi o‘rni haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 26 apreldagi "Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish sohasida bojxona organlariga ham qator vazifalar yuklatilgan. Jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida intellektual mulk huquqlari buzilganligi alomati mavjud bo‘lgan tovarlar aniqlanganda, bojxona organlari tomonidan huquq egasining “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidagi shaxsiy kabinetiga ushbu holat to‘g‘risida bir ish kuni davomida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan xabar yuboriladi. Xabar yuborilgandan boshlab bir ish kuni davomida huquq egalaridan tegishli shakldagi ariza kelib tushgan taqdirda, ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Bojxona organlari endilikda bojxona hududiga olib kiriladigan va bojxona nazorati ostida turgan intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud bo‘lgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turishlari va to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishlari mumkin.

Bu esa, eng avvalo O‘zbekistonda sog‘lom savdo muhitini shakllanishiga ko‘maklashib, mavjud investitsion muhitni yanada yaxshilashga xizmat qiladi, innovatsion texnologiyalarni olib kirish va investitsiyalarni jalb qilishda yordamchi vosita rolini o‘ynaydi.
–Ayni paytda, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Intellektual mulk ob’ektlarining bojxona reyestri” onlayn elektron shaklda yuritilmoqda. Ushbu reyestr Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida yangilanib kelinmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bosh inspektori Yu.Kudiyarova. – Intellektual mulk ob’ektlarining bojxona reyestrida bugungi kun holatiga jami 400 ta tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ular bojxona organlari tomonidan huquqiy himoyaga olingan hisoblanadi. Intellektual mulkka huquq egasining arizasiga asosan 2022 yil davomida jami 7 ta holatda qiymati 260,6 ming AQSH dollariga teng tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatilgan. Mazkur reyestrga kirish imo.customs.uz manzili orqali amalga oshiriladi.
Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga, ayniqsa tovarlar importini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga kontrafakt mahsulotlarga aldanib qolmaslik, shuningdek, kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchilarga qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarliklar bo‘yicha berilgan tavsiyalar va huquqiy maslahatlar mamlakatimizga faqat asil sifatli mahsulotlar kirib kelishiga turtki bo‘lishiga ishonamiz.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri