Mamlakatimizda tutzorlar hajmi kengayadi
bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab 53,5 ming gektar tutzorlar barpo etilib, bahorgi mavsumda 62,5 million tup tut ko‘chati va 53 million tupdan ortiq yakka qator tut daraxtlari ekilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov hisobotida aytib o‘tildi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2019 yil 16 avgustdagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 17 yanvardagi “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, chora-tadbirlar dasturi va rejalar ishlab chiqilgan hamda ularning ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Sohada 11 ta ipak qurti urug‘chilik korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan 2019 yilda 157,8 ming quti, 2020 yilda 185,9 ming quti, 2021 yilda 240 ming quti sanoatbop ipak qurti urug‘lari ishlab chiqarilgan.
Joriy yil bahorgi pilla boqish mavsumida 22,7 ming tonna pilla xomashyosi (ho‘l pilla) yetishtirilgan. Shuningdek, co‘nggi to‘rt yilda pillachilik klasterlari soni 19 tadan 76 taga yetkazilgan.
Sohada 2019-2020 yillarda eksport hajmi 150 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yil yarim yilligida 101,7 million dollarlik ipak va qorako‘l mahsulotlari eksport qilingan.
Qolaversa, qo‘mita tomonidan 2019-2021 yillarda doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish orqali hududlarda 2,5 millionga yaqin aholi bandligi ta’minlangan.

Tadbirda amalga oshirilgan ishlarga qaramay ipakchilik, tutchilik, qorako‘lchilik va madaniy yaylovlar barpo etishni rivojlantirish bilan bog‘liq tizimli muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddi idoralar tomonidan belgilangan vazifalarning to‘liq bajarilmayotganligi oqibatida tutchilik, pillachilik va qorako‘lchilik sohalari yetarli darajada rivojlanmay qolmoqda.
Xususan, Jizzax viloyati Yangiobod tumanida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan burg‘ilangan quduq va suv tortish uchun qurilish nasos stansiyasi qurilib, subsidiya olish bo‘yicha barcha kerakli hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar subsidiya mablag‘lari ajratilmagan. Bu holat tizimdagi boshqa intensiv tutzor barpo qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlarning o‘z loyihalari to‘xtatib qo‘yishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, 2020 yilda yangi tutzorlar barpo etish uchun pillachilik tarmog‘i tashkilotlariga ko‘p yillik ijara shartnomasi asosida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yer maydonlarini ajratish bo‘yicha hududlar kesimidagi ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, Jizzax viloyatidan tashqari boshqa birorta viloyatda tutzorlar barpo etish uchun yetarli yer maydonlari ajratilmagan.
Jumladan, respublika bo‘yicha tutzorlar barpo etish uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 20 ming gektar yer maydonidan atigi 9 ming gektari (45 foiz) ajratilgan xolos.
Shuningdek, respublikada mavjud tutzorlar va yakka qator tut daraxtlari xatlovdan o‘tkazilganda rejada belgilangan 3,3 ming gektar tutzor va 26,5 million tup yakka qator tut daraxtlari mavjud emasligi aniqlangan.
Bundan tashqari, klasterlarga ajratilishi belgilangan qishloq xo‘jaligi maydonlaridan Buxoro viloyatida 339 gektar, Qashqadaryo viloyatida 441 gektar kam yer ajratilgan bo‘lsa, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida umuman yer ajratilmagan.
Shuningdek, qo‘mitaga ilm-fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Markazlashgan ilmiy-naslchilik tajriba laboratoriyasi tashkil etilmagan.
Shu bilan birga, hududlarda tabiiy yaylovlarni asrash va ularni yaxshilash tadbirlariga yetarlicha e’tibor qaratilmayotganligi hamda samarasiz foydalanilayotganligi oqibatida bugungi kunda dorivor o‘simliklar keskin kamayib ketmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA