Malakali yosh kadrlar barcha sohaga kerak
Poytaxtimizda O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining “Yoshlar qanoti” tomonidan navbatdagi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, partiya yoshlar parlamenti a’zolari hamda faol yoshlar ishtirok etgan tadbirda sohada yosh kadrlarni tanlab olish va sohadagi korrupsion holatlarga barham berish masalasi muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Yoshlar kuni munosabati bilan 30 iyun kuni o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat’iy davom ettirishimiz, xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qiyotgan ko‘plab iqtidorli, yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan yoshlarimizning vatanimizga kelib ishlashi uchun sharoit yaratib berish hamda ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, ularga uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangicha tizim yaratilishi zarurligini belgilab bergan edi.
Shuningdek, buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlash, joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘tashi hamda respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanishi alohida qayd etilgan edi.
Shunga ko‘ra, har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga ana shunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlashi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va rag‘batlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yosh kadrlarga bo‘lgan yuksak e’tiborning Vatan tarqqiyotida juda muhim ahamiyatga ega ekanligi, yuqori salohiyatga ega kadrlarni joy-joyiga qo‘yish masalasi iqtisodiy yuksalishimiz uchun bugungi kunda zarurligi ta’kidlandi.
Yosh kadrlar zaxirasining yaratilishiga yuqori darajada e’tibor berilishi va bu davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini orttirishi hamda ularga katta mas’uliyat yuklashi qayd etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA