Malaka, mas’uliyat va xavfsizlik – muhim mezon
Aholiga uzluksiz gaz ta’minotini yetkazib berishda tizim ishchi-xodimlarining kasbiy bilim va mahorati, xavfsiz sharoitlarda ish tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialining gaz to‘ldirish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning malakasini oshirish hamda xavfsizlik talablariga rioya etish darajasini baholash maqsadida test sinovlari shaklidagi navbatdagi attestatsiya jarayoni o‘tkazildi.

Mazkur sinovda viloyat bo‘ylab gaz to‘ldirish shoxobchalarida mehnat qilayotgan 57 nafar ishchi-xodim ishtirok etmoqda. Filial direktori Ibrohimjon Mamajonov ushbu tadbirning suyultirilgan gaz ta’minotini muntazam va sifatli tashkil etishdagi roli xususida to‘xtalib, ishchi-xodimlarni faollikka chorladi.

Attestatsiya davomida ishtirokchilarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkazildi. Xususan, gaz uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish singari muhim yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.

– “Hududgaz Namangan" gaz ta’minoti filiali tomonidan tashkil etilgan attestatsiyada ishtirok etganim ayni muddao bo‘ldi. Savollar unchalik qiyin bo‘lmadi. Bu sinovlar biz “gazchi”larni kelgusida o‘z ustimizda ishlashga, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishimizga turtki bo‘ldi, – deydi “Pop” suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi xodimi Yashnar Mirhamidov.
Darhaqiqat, gaz ta’minoti korxonasida tashkil etilayotgan bunday imtihon jarayonlari ishchi-xodimlarning kasbiy saviyasini oshirish, ularni zamon talablari asosida ishlashga tayyorlash hamda aholiga sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA