Maktablarda tegishli til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til fani o‘qituvchilari mehnat faoliyatini davom ettiradimi?
Hozirgi globallashuv sharoitida xorijiy til bilish nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki kasbiy muvaffaqiyat uchun ham muhim omilga aylanmoqda.
Mamlakatimizdagi mavjud qonunchilikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xorijiy til o‘qituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi ko‘rsatib o‘tilgan. Dastlab 2024-2025-o‘quv yiliga qadar etib belgilangan ushbu talab muddati pedagoglar va keng jamoatchilik vakillarining murojaatlari asosida hozirga qadar bir necha bor uzaytirib kelindi.
Ayni kunlarda umumta’lim maktablarining tegishli til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til fani o‘qituvchilarining keyingi mehnat faoliyatiga doir masala barchaning diqqat-markazida turibdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagoglarning tegishli sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishlarida ko‘maklashish uchun joylarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul (onlayn va oflayn) o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Buning natijasida 2025 yilning sentyabr-dekabr oylari davomida 5 000 nafardan ortiq pedagog tegishli til sertifikatlarini qo‘lga kiritib, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish bilan birga, qo‘shimcha moddiy manfaatdorlikka erishib kelmoqda.
Vazirlik tomonidan ushbu o‘quv mashg‘ulotlari bundan keyin ham davomiy tashkil etib boriladi hamda B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026-2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA