Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yashil hududlar ko‘paymoqda
Farg‘ona viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida 9,6 million dona manzarali, mevali daraxt va butalar ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Ayni kunda bu boradagi ishlar davom etmoqda. Hududlarda ekilgan ko‘chatlarni bexato parvarishlash, ularni sug‘orish tizimlarini tizimli yo‘lga qo‘yish va zararkunandalardan saqlash ishlari ham e’tiborda.
Tabiatda yashil hududlar kengaysa, yashil qalqonlar shakllantirilsa, kelajagimiz mustahkamlanadi. Bu borada, yosh avlodni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularga tabiat bilan inson o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlikni asoslash va ko‘rsatish muhim ahamiyatga molik. Xususan, viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida 300 mingdan ortiq ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Turli aksiyalarning tashkil etilayotgani esa bu maskanlarda yashil makonlarni ko‘paytirishga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Yozyovon tumanida 27 ta davlat, 9 ta davlat-xususiy sheriklik maktabgacha ta’lim muassasalari va 79 ta oilaviy bog‘chalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaziy Farg‘ona cho‘li hududida joylashgan bu maskanlarda yashillikning o‘rni beqiyos. Shu bois har bir maktabgacha ta’lim muassasada ko‘chat ekishga muhim e’tibor qaratilyapti. Ota-onalar, mahalla faollari tomonidan ham bu ishlarga yaqindan yordam berilyapti.
– Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbusi ayni dilimizdagi ish bo‘ldi, – deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Xonzoda Sarimsoqova. – Toza havoni, musaffo tabiatni o‘zimiz yaratamiz. Ayniqsa, bolajonlar uchun bu juda ham kerak.

bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida 20 mingga yaqin turli ko‘chatlarni ekdik. Ekobog‘lar, gulzorlar tashkil etildi. Shu bilan birga bo‘sh maydonlarda qalamchalar parvarishi yo‘lga qo‘yildi. Har bir daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, ro‘yxatga olindi.
“Markaziy Farg‘ona” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 24-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan yilda qayta ta’mirlanib, bolajonlarni o‘z bag‘riga oldi. “Yashil makon” doirasida 300 tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Bu yerga qadam qo‘ygan kishi yashillikdan bahramand bo‘ladi. Shuningdek, mashg‘ulotlarda bolalarga daraxtlarning ahamiyati haqida dastlabki tushunchalar berib borilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA