Maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati ommalashmoqda
Ma’lumki, yaqinda Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Chirchiq shahridagi 14-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti haqida alohida to‘xtalib, u yerda yo‘lga qo‘yilgan noan’anaviy tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilish zarurligini ta’kidlagan edi.
Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati maktabgacha ta’lim sohasi mutaxassislari, xususan, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, bog‘chalar direktorlaridan iborat delegatsiya a’zolari mazkur 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Bu bog‘cha mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan edi. Bu yerda ta’lim-tarbiya jarayonlari Xitoy tajribasi asosida o‘yin usullaridan keng foydalaniladi. Bolalarda vatanparvarlik va jamoa bilan ishlash, ularning ijodiy qobiliyatlari rivojlantiriladi. Bino 240 o‘ringa mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, kun davomida robototexnika, tikuvchilik, pazandalik, quruvchilik, dehqonchilik, dizaynerli kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha tarbiyalanuvchilarda kasb-hunarga ko‘nikma shakllantiriladi.

Maqsad bolalarni har tomonlama rivojlantirish, ularning qiziqishlari, shaxsiy ehtiyojlari, qobiliyatini erta aniqlash va kasbga yo‘naltirish ishlarini tashkil etishdir.

Hozir Chirchiq shahrida jami 61 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritadi. 3-7 yoshli bolalar bog‘chalarga qamrovi 84,6 foizni tashkil etadi. O‘rganishlar davomida mehmonlar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA.