Maktabga faqat nazariy bilimga ega bitiruvchi emas, kasbiy faoliyatga tayyor mutaxassis zarur
Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida pedagogik ta’lim mazmunini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston ham bu borada o‘z taraqqiyot yo‘lini tanladi. So‘nggi yillarda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyunda qabul qilingan “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ayni sohada muhim vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun haftalik o‘quv jarayonini “4+2” tartibida tashkil etish amaliyoti joriy etildi. Mazkur yondashuvning ahamiyati nimada? Bu savolga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi boshqarma boshlig‘i Vohidxon Zayniddinovнiнг fikrlari orqali javob izladik.
– Ta’lim tizimida eng ko‘p muhokama qilinadigan masalalardan biri, bu – pedagog kadrlar tayyorlash sifati. Chunki maktabdagi har qanday islohot, eng zamonaviy darslik yoki innovatsion texnologiyalar bilan, sinf xonasida o‘qituvchi orqali namoyon bo‘ladi, – deya fikrini boshlaydi Vohidxon Zayniddinov. – Agar pedagogning kasbiy tayyorgarligi yetarli bo‘lmasa, eng mukammal dastur ham kutilgan natijani bermaydi.
Pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun haftalik o‘quv jarayonini “4+2” tartibida tashkil etish amaliyoti haqida gap ketganda aytish zarur: mazkur yondashuvga ko‘ra, talaba haftaning to‘rt kunida oliygoh auditoriyalarida nazariy bilimlarni egallasa, ikki kun davomida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan amaliy faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Bir qarashda bu oddiy tashkiliy o‘zgarishdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa masala ancha chuqurroq. Gap shundaki, uzoq yillar davomida pedagogik ta’lim tizimida nazariya va amaliyot o‘rtasida ma’lum uzilish mavjud edi. Talaba auditoriyada metodika, pedagogika, psixologiya va fan asoslarini o‘rganar, biroq maktab hayoti bilan to‘laqonli tanishuvi asosan bitiruv arafasidagi qisqa muddatli amaliyot davriga to‘g‘ri kelar edi. Natijada diplom olgan yosh mutaxassis ilk ish faoliyatini boshlaganida, sinfni boshqarish, o‘quvchilar bilan muloqot qilish, ota-onalar bilan ishlash yoki dars jarayonini tashkil etishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi kuzatilardi.
Vaholanki, pedagog kasbi boshqa ko‘plab mutaxassisliklardan tubdan farq qiladi. Muhandis yoki iqtisodchi ayrim amaliy ko‘nikmalarni ish jarayonida egallashi mumkin. O‘qituvchi esa maktab ostonasidan kirgan ilk kundanoq o‘nlab bolalar taqdiri uchun mas’ul shaxsga aylanadi. Shu sababli bo‘lajak pedagogning kasbiy shakllanishi diplom olgandan keyin emas, aynan talabalik davridayoq boshlanishi zarur.
“4+2” modelining mohiyati ham aynan shunda. Mazkur tizim talabaning maktab bilan aloqasini bir martalik amaliyot davriga bog‘lab qo‘ymasdan uni uzluksiz jarayonga aylantirmoqda. Endilikda bo‘lajak o‘qituvchi haftaning ma’lum qismini real ta’lim muhitida o‘tkazmoqda. U nafaqat darslarni kuzatmoqda, balki maktab jamoasi faoliyati, zamonaviy metodikalar, tarbiyaviy jarayonlar va ta’lim boshqaruvi bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Muhimi, bu jarayon pedagogik ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan yangi islohotlar bilan yanada mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2025-yil 28-aprelda imzolangan farmonida pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yagona yondashuv asosida rivojlantirish, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash hamda dual ta’lim elementlarini keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Hujjatda pedagog kadrlar tayyorlashda dual ta’lim shaklidan keng foydalanish, “4+2” mexanizmini takomillashtirish hamda pedagogik amaliyotni “bir ustoz – bir talaba” tamoyili asosida tashkil etish vazifalari belgilangan. Bu esa “4+2” modeli vaqtinchalik tajriba emas, balki pedagogik ta’limning yangi falsafasi sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.
Boshqacha aytganda, bugun auditoriyadan maktabga yo‘l olgan talaba ertangi ta’lim tizimining sifati va raqobatbardoshligini belgilovchi asosiy omil sifatida ko‘rilmoqda.
– Bu islohot va ijro o‘rtasidagi masofani qisqartiradimi?
– Pedagogik ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi bitta – maktabga nazariy bilimga ega bitiruvchini emas, balki kasbiy faoliyatga tayyor mutaxassisni olib kirishdir.
Shu ma’noda, “4+2” modeli so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan eng muhim yangiliklardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Chunki mazkur tizim talabaning auditoriyada olgan bilimlarini bevosita maktab amaliyoti bilan bog‘lash imkonini yaratmoqda. Biroq har qanday yangilanish singari ushbu modelning samarasi ham faqat normativ-huquqiy hujjatlar yoki tashkiliy mexanizmlar bilan emas, balki joylardagi ijro holati bilan belgilanadi.
Bugun haqli ravishda bir savol tug‘iladi: pedagogik ta’limni amaliyotga yaqinlashtirishga qaratilgan ushbu yondashuv barcha hududlarda bir xil natija bermoqdami?
Tan olish kerakki, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari bilan maktablar o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Talabalar dars jarayonlarini kuzatish, sinf bilan ishlash, metodik yondashuvlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa avvalgi yillarda kuzatilgan “nazariy bilim bor, amaliy tajriba yetarli emas”, degan muammoni birmuncha yumshatmoqda.
Shu bilan birga, amaliyotning mazmuni va natijadorligi ko‘p jihatdan ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik darajasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Pedagogika oliygohlari atrofida shakllanayotgan innovatsion pedagogik ta’lim klasterlari hamda tayanch maktablarda talabalar uchun zarur muhit yaratilayotgan bo‘lsa, ayrim hududlarda amaliy faoliyat hali ham ko‘proq kuzatuv xarakterida kechayotgani sir emas. Vaholanki, bo‘lajak o‘qituvchi maktabga dars jarayonini tomosha qilish uchun emas, balki pedagog sifatida shakllanish uchun kirib boradi. Mazkur yondashuv dual ta’lim elementlarini keng joriy etish hamda maktab bilan oliygoh o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, talabaning amaliy faoliyatdagi ishtirokini yanada jadallashtirish, tajribali pedagoglar bilan individual ishlash imkoniyatlarini kengaytirishi bilan ahamiyatlidir.
– Yangi mexanizm yangi mezonlarni ham talab qiladimi?
– Pedagogik ta’lim tizimidagi eng murakkab masalalardan biri, bu natijalarni baholash bilan bog‘liqdir. Chunki har qanday islohotning muvaffaqiyati oxir-oqibat uning natijalarida namoyon bo‘ladi.
Uzoq yillar davomida pedagogik amaliyot ko‘proq hisobotlar, kundaliklar va tavsifnomalar orqali baholab kelindi. Bunday yondashuv ma’lum davr uchun o‘z vazifasini bajargan bo‘lsa-da, bugungi zamonaviy ta’lim tizimi ancha aniq va shaffof mezonlarni talab qilmoqda. Endi asosiy e’tibor talabaning qancha hujjat topshirganida emas, balki uning maktabda ishlashga qay darajada tayyor bo‘lib shakllanganiga qaratiladi.
Eng muhimi, yangi tizim maktab, oliygoh va talaba o‘rtasidagi mas’uliyatni yanada aniqroq belgilashga xizmat qiladi. Chunki ertangi kun maktabiga keladigan o‘qituvchining kasbiy salohiyati auditoriyada yozilgan hisobotlar bilan emas, balki sinf oldida namoyon etadigan mahorati bilan baholanadi. Shu nuqtai nazardan “4+2” modelining haqiqiy natijasi ham talabaga berilgan qo‘shimcha ikki kun bilan emas, balki ana shu ikki kun davomida egallangan tajriba va shakllangan pedagogik kompetensiyalar bilan o‘lchanadi.
– Kelajak o‘qituvchisining bugundan shakllanishi qay darajada ahamiyatli?
– Bugun dunyoda ta’lim tizimining muvaffaqiyati darsliklar soni yoki o‘quv binolarining zamonaviyligi bilan emas, inson kapitalining sifati bilan o‘lchanmoqda. Chunki har qanday islohotning markazida inson, inson taraqqiyotining markazida esa ta’lim turadi. Ta’lim sifatini belgilovchi eng muhim omil esa, shubhasiz, o‘qituvchidir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda “4+2” tizimi oddiy tashkiliy mexanizm yoki o‘quv yuklamasini qayta taqsimlash modeli emas. U pedagog kadrlar tayyorlashga bo‘lgan mutlaqo yangi qarashning ifodasidir. Mazkur yondashuv orqali bo‘lajak o‘qituvchi auditoriyada bilim oluvchi talaba maqomidan maktab hayotining faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Eng muhimi, u kasbni nazariy jihatdan o‘rganmayapti, balki kasb muhitida shakllanmoqda.
Biroq bugungi talablar oldimizga yanada katta vazifalarni qo‘ymoqda: endilikda asosiy masala talabani maktabga olib borish emas, balki uning maktabdagi har bir kuni kasbiy rivojlanishga xizmat qilishini ta’minlashdan iborat. Buning uchun oliygoh va maktab hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilishi zarur. Amaliyot jarayoni bir martalik vazifa sifatida emas, balki uzluksiz pedagogik rivojlanish zanjiri sifatida tashkil etilishi lozim.
Ayniqsa, “bir ustoz – bir talaba” tamoyilining mazmun-mohiyatini yanada boyitish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, haqiqiy pedagogik mahorat kitobdan emas, ustoz tajribasidan o‘rganiladi. Yillar davomida shakllangan tajriba, sinf bilan ishlash madaniyati, o‘quvchi qalbiga yo‘l topish san’ati kelajak avlodga aynan ustozlar orqali o‘tadi. Shu bois mentorlik tizimi pedagogik ta’limning ajralmas qismiga aylanishi zarur.
Shuningdek, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish imkoniyatlaridan keng foydalanish davr talabi bo‘lib qolmoqda. Talabaning amaliy faoliyati, dars ishlanmalari, mustaqil loyihalari va erishgan natijalari yagona elektron portfoliolar orqali monitoring qilinishi kelgusida kasbiy rivojlanishning shaffof tizimini shakllantiradi. Bu esa baholashda inson omilini kamaytirish va natijadorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim masala – pedagog kasbining nufuzini oshirishdir. Bugungi talaba ertangi o‘qituvchi ekanini unutmasligimiz kerak. Agar biz maktabda bilimli, tashabbuskor va zamonaviy pedagoglarni ko‘rishni istasak, ularni aynan talabalik davrida qo‘llab-quvvatlashimiz, kasbiy shakllanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishimiz lozim.Chunki kelajak maktabining poydevori bugungi auditoriyalarda va amaliyot maydonlarida qo‘yilmoqda.
Aslida “4+2” tizimining haqiqiy samarasi bugun yoki ertaga emas, bir necha yil o‘tib maktablarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bugun amaliyot davomida ilk darsini o‘tayotgan talaba ertaga minglab o‘quvchilarning taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan pedagogga aylanadi. Shuning uchun ham ushbu tizimni takomillashtirish masalasi faqat oliy ta’lim yoki maktablar muammosi emas, balki mamlakatning kelajak taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq vazifadir.
Zero, Yangi O‘zbekistonning raqobatbardosh iqtisodiyoti, zamonaviy jamiyati va kuchli inson kapitali avvalo maktabda shakllanadi. Maktabning ertangi qiyofasi esa bugun pedagogika oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlarning kasbiy tayyorgarligiga bog‘liq.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi,