“Maktab uchun ming kitob" loyihasi – amalda
Xalqaro kitoblar kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarining kutubxona fondlari 3500 nusxa yangi badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Mazkur ezgu tashabbus “Maktab uchun ming kitob” loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Kitoblarning 1000 nusxasi Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan bo‘lsa, 2500 nusxasi esa “O‘zbekiston pochtasi” AJ Sirdaryo filiali tomonidan hadya qilindi. Ushbu kitoblar viloyatdagi 10 ta umumta’lim maktabi kutubxonasiga yetkazib berildi.

Turli nom va janrdagi badiiy asarlar o‘quvchilarda kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish va mutolaa madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Kitob – bilim va ma’rifat manbai. U nafaqat yosh avlod, aholining barcha qatlami dunyoqarashini kengaytirishda, tafakkurini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi boshlig‘i Muhammadrizo Ermatov.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “Maktab uchun ming kitob” loyihasi kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Bu esa, albatta, o‘quvchilarni kitob o‘qishga rag‘batlantirish va sog‘lom jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri