Maktab taʼlimida qator oʻzgarishlar nazarda tutilmoqda
Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejani tasdiqladi.
Endilikda asosiy eʼtibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli taʼlim berishga qaratiladi . Bu haqida xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati xabarida maʼlum qilingan.
Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejani tasdiqladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy majlisga murojaatida maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarur ekanligini taʼkidlagan edi.
Bundan tashqari, 2018-yilning 14-avgust kuni “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilingan boʻlib, unda umumiy oʻrta taʼlimning amaldagi tayanch oʻquv rejasini qayta koʻrib chiqib, 10 foizga qisqartirish vazifasi belgilab berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xalqaro baholash dasturlari boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda Oʻzbekiston Respublikasining ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Yoʻl xaritasi”ning 12-bandida “2019-yil dekabr oyidan boshlab, ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va oʻquv adabiyotlari mazmuniga bosqichma-bosqich oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish” vazifasi belgilangan.
Shuningdek, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro baholash dasturida oʻquvchilarning savodxonlik darajalarini aniqlashda kompyuter simulyatsiyali interfaol topshiriqlardan foydalaniladi va barcha sinovlar kompyuter texnikasi yordamida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf oʻquvchilarining haftalik oʻquv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan meʼyordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlangʻich sinflarning oʻquv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Jumladan, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” fanlarini birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab 1-11-sinflarida “Tarbiya” faniga 1 soatdan ajratilmoqda.
Ona tili va adabiyot fani boʻyicha yetakchi olimlar, soha mutaxassislari va amaliyotchi oʻqituvchilardan iborat ishchi guruhi tomonidan xorijiy davlatlarda ona tili va adabiyot fanining oʻqitilishi tahlil qilindi.
Oʻzbekiston umumtaʼlim maktablarida ona tili va adabiyot fanining oʻquv dasturlari xorijiy tajribalar asosida oʻquvchilarda tinglab tushunish, oʻqib tushunish, yozish va ogʻzaki nutq koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yoʻnaltirilgan holda takomillashtirildi.
Yangi umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun 2020-2021 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1938 soat oʻqitilishi belgilangan.
Oʻquv dasturlarni chuqur tahlil qilish natijasida muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy maʼlumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yoʻnaltirilgan mavzular oʻquv dasturlaridan qisqartirildi.
Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga oʻtkazildi.
Shuningdek, yangi oʻquv yili uchun tasdiqlangan tayanch oʻquv rejasidagi oʻquv soatlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga moslashtirildi.
Afsuski, mazkur fanlarni oʻqitishga ajratilayotgan soatlar hajmi, jalb etilayotgan oʻqituvchilar soniga koʻra xalq taʼlimi tizimiga oʻqitish uchun ajratilayotgan mablagʻlarning eng katta qismi sarflanayotgan boʻlsa-da, oʻquvchilarning savodxonlik darajasi pastligicha qolmoqda. Eng achinarlisi, oʻqituvchilarning oʻzlari ham oʻz mutaxassisligi boʻyicha yetarli kompetentlikka ega emasligi Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida oʻtkazilgan test sinovlari natijasida maʼlum boʻldi.
Aslida oʻquvchilarga biror bilimni oʻrgatish unga ajratilgan soatda emas, balki uni oʻrgatish metodikasiga bogʻliq. Masalan, ayrim oʻqituvchilar bitta mavzuni soatlab oʻquvchilarga tushuntiradi, lekin oʻquvchilar bu mavzuni yetarlicha tushunmaydi. Bu borada tajribali oʻqituvchi esa oʻsha mavzuni 10-15 minutda qiziqarli tarzda oʻquvchilarga tushuntiradi. Shunday ekan, fanga ajratilgan soatga emas, balki uni oʻqitish metodikasini kuchaytirish zarur boʻladi.
“Ona tili” darsliklarini tahlil qilish natijasida keraksiz, til malakasi uchun “ishlamaydigan” juda koʻp mavzular chiqarib tashlandi.
Shuningdek, ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari sifatida matematika, kimyo, biologiya va geologiya sohalari belgilangan.