Makedoniya nomi oʻzgaradimi?
Makedoniya parlamenti davlat nomini oʻzgartirish masalasidagi Gretsiya bilan erishilgan kelishuvni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.
Makedoniya parlamenti davlat nomini oʻzgartirish masalasidagi Gretsiya bilan erishilgan kelishuvni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi. BMT ushbu muhim aktning roʻyobga chiqarilishi munosabati bilan Makedoniya va uning xalqini qutlaydi, deyiladi BMT matbuot xizmatining 14 yanvardagi xabarida. Bu haqda Sinxua axborot agentligi xabar tarqatgan.
Bu boradagi bayonot BMT Bosh kotibining maxsus vakili Mattyu Nimes tomonidan bildirilgan. U Makedoniya hukumati va xalqini 2018 yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan referendumdan soʻng davlat nomini oʻzgartirish yuzasidan qabul qilingan qarorning amalda oʻz ifodasini topayotgani bilan qutlagan.
– Ikki davlat oʻrtasidagi ushbu tarixiy kelishuv (Gretsiya va Makedoniya nazarda tutilmoqda) ular oʻrtasidagi yangi munosabatlarni oʻrnatish, Bolqon yarim oroli hududida mustahkam tinchlik poydevorini qurish va xavfsizlikni taʼminlash imkonini beradi, – deydi Mattyu Nimes.
Xabarda keltirilishicha, Makedoniyaning Shimoliy Makedoniya deya qayta nomlanishi uchun Gretsiya hukumati ham ikki tomon oʻrtasida imzolangan hujjatni ratifikatsiya qilishi kerak.
Biroq, 13 yanvar kuni Gretsiya hukumatida siyosiy boʻlinish yuz berdi. Ayni paytda oʻngchilar vakillari bu kelishuvni yoʻqlab ovoz berishdan bosh tortmoqda.