Mahsulotlarning aksariyati eksportga yo‘naltiriladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tashabbusi bilan To‘rtko‘l tumanining o‘sish nuqtalari hisoblangan ishlab chiqarish korxonalarining, tadbirkorlik sub’ektlarining samarali faoliyati hamda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari, matbuot kotiblari, jurnalist va blogerlar uchun mediatur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab SMARTUM akademiyasi “NIHOL” innovatsion o‘quv markazida bo‘ldi. O‘quv markazi filialida bolalarga o‘rgatilayotgan “Mental arifmetikasi” o‘qitish jarayoni bilan tanishildi.
Bundan so‘ng “Ko‘na To‘rtko‘l” ovuli hududida joylashgan “SUPER BALIQLAR” fermer xo‘jaligining baliq yetishtirish faoliyati bilan tanishdilar. Tadbirkor bu yerda o‘rnatilgan yangi texnologiyalarning afzalliklari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Keyingi manzil tumandagi “O‘zbekiston” ovul fuqarolari yig‘ini hududida joylashgan Davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil qilingan «Bek» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Tashkilotda yaratilgan shart–sharoitlardan bolajonlar xursand, ovul aholisi minnatdor.
Tadbir ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida “TO’RTKO’L KUNJUTI” mas’uliyati cheklangan jamiyatining kunjutni qayta ishlash korxonasiga tashrif buyurdilar. Ushbu jamiyat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, eksport qilish va ulgurji, chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanadi. 2015 yilda kunjut qobig‘ini tozalash uskunalari keltirildi.
bugungi kunda qayta ishlov berilgan kunjut ichki bozor bilan bir qatorda Turkiya, Iroq, Shotlandiya, Ozarbayjon, Iordaniya, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Rossiya Federatsiyalariga ham eksport qilinmoqda.
[gallery-329]
Mehmonlar jamiyatga qarashli issiqxonada ham bo‘ldi. Bugun tumanning drayver sohasi hisoblangan zamonaviy gidroponika uslubida ishlangan issiqxonada 25 nafar yosh doimiy, 25 nafari esa mavsumiy ish bilan ta’minlangan.
bugungi kunda jamiyat tomonidan yana 1 gektar yerda zamonaviy gidroponika uslubidagi issiqxona uskunalari va 500 tonna sig‘imdagi sovutgich keltirib o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Jamiyat tomonidan 66 tonna kartoshka keltirilib, 64 tonnasi bozorda arzon bahoda sotilgan bo‘lsa, 2 tonnasi ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.
Ishtirokchilar «TO’RTKO’L SHISHA IDISHLARI» mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Ushbu jamiyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 fevraldagi "2017-2018 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish va ularni saqlash uchun quvvatlarni barpo etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yillik quvvati 13 ming 200 tonna oziq-ovqat va farmatsevtika shisha qadoqlash mahsulotlari (steklotara) ishlab chiqarish uchun Xitoy Xalq Respublikasidan jami 4 million 401 ming AQSH dollari miqdoridagi eng zamonaviy dastgohlar olib kelib o‘rnatilgan va jami 6 million 361 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Korxona “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi a’zosi hisoblanadi.
Buning natijasida korxonada 2019 yilda 200 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozor bilan birga Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Gruziya, Qirg‘iziston davlatlaridagi hamkorlar bilan qariyib 5 million AQSH dollari miqdoridagi bitimlar tuzilgan va mahsulotlar eksport qilinmoqda.
Yuqori sifatli mahsulotlarni lokalizatsiya qilish orqali import o‘rnini bosuvchi maxsulotlarni respublikamizda ishlab chiqarish va eksport qilish, valyuta tushumlarini oshirish mahsulotlarni ishlab chiqarishda mahalliy xom ashyolardan samarali foydalanish davlatimizning eng ustivor vazifalaridan biri hisoblanadi. Korxonada 2021 yilda qo‘shimcha ravishda float oynasi ishlab chiqarishni ham o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, qo‘shimcha 33 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Bunda yana 200 ta ish o‘rni yaratilishi orqali yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Mehmonlar tumanda 2018 yilda ish faoliyatini boshlagan “CRISTALL MEGA STAR” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘ldi. Jamiyat tomonidan “Primero”, "Impex", "Tilda", "Uni Wash", “Arsel”, “Nasim”, “Berkut“ brendlari asosida 7 xil turdagi sifatli kir yuvish kukuni ishlab chiqarilmoqda. Korxona mahsulotlari bilan ichki bozor talabini qondiribgina qolmay, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Madaniyat saroyida tashkil qilingan tuman hunarmandlar uyushmasi a’zolarining qo‘l mehnatlari ham ishtirokchilarning e’tiborini tortdi. Kulolchilik san’ati buyumlari, milliy do‘ppilar hamda biser naqshlari bilan hozirgi urfda tikilgan har xil o‘lchamdagi bejirim ro‘mollar, bosh kiyimlari va sharflar tikayotgan usta-hunarmandlarning mehnatlari alohida e’tirofga loyiqdir. O.Xudoyshukurov nomidagi Madaniyat saroyida tashkil qilingan muzeyda mehmonlar betakror ovoz sohibining hayoti va ijodidan foto lavhalar va eksponatlar bilan tanishdi.
Tadbir yakunida tumandagi to‘rtta sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasini, shu jumladan tumanni 2020-2023 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar hamda kelgusidagi rejalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA