Mahsulot toʻliq eksportga chiqarilmoqda
Buxoro viloyatida paxta tolasini qayta ishlovchi yengil sanoat korxonalari soni aprel oyida “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasida ishga tushirilgan “Buxoro Fayz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobiga bittaga koʻpaydi.
Buxoro viloyatida paxta tolasini qayta ishlovchi yengil sanoat korxonalari soni aprel oyida “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasida ishga tushirilgan “Buxoro Fayz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobiga bittaga koʻpaydi.
Prezidentimizning joriy yil mart oyida Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida juda koʻplab istiqbolli loyihalar taqdim qilingan boʻlib, ularni amalga oshirishning amaliy chora-tadbirlari ishlab chiqilgan edi. Ular orasida “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi “Buxoro Fayz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham bor edi.
Mazkur tadbirkorlik subyekti bir paytlar faoliyati toʻxtab qolgan sobiq poyabzal fabrikasi oʻrnida tashkil etildi. Korxona rahbariyati bankrotlikka yuz tutgan oʻsha fabrikaning abgori chiqqan yirik binolari majmuasini sotib oldi. Bu yerda umumiy qiymati 63 milliard soʻmlikka teng ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish oson kechgani yoʻq. 2018-yilda fabrika binosini rekonstruksiya qilish, sexlarni epaqaga keltirish uchun 20 milliard soʻm sarflandi. Bunda loyiha tashabbuskorining oʻz mablagʻi va tijorat banki tomonidan ajratilgan kreditlar qoʻl keldi.
– Binoda bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetishi bilan sexlar respublika Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 4,6 million dollarlik miqdoridagi krediti hisobiga xarid qilingan eng zamonaviy xorijiy dastgoh va texnikalar bilan jihozlandi, – deydi “Buxoro Fayz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilaridan biri Farrux Toʻxtayev. – Korxonaning barqaror ishlashi nafaqat xomashyo, balki mutaxassis kadrlarga bogʻliq. Shuni inobatga olib, malakali yigiruvchilar ishga taklif etilishdan tashqari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari boʻlgan 50 dan ziyod yigit-qizning boshqa turdosh korxonalarda malaka oshirishi taʼminlandi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan ip-kalava sifati juda yuqori, muvofiqlik sertifikatiga ega. Xullas, xalqaro andozalarga javob beradi. Shuning uchun ip-kalavalarning hammasi xorijga eksport qilinayotir. Joriy yilning oʻtgan davrda xorijlik buyurtmachilarga joʻnatilgan mahsulot miqdori 1,7 million dollardan oshib ketdi.
Oʻz rivojlanish strategiyasiga egalik zamonaviy korxonaning istiqbolini belgilaydigan jihatlardan biridir. Unga koʻra, mazkur korxona xomashyoni chuqur qayta ishlash yoʻlidan bormoqda. Bu loyiha ham Prezident tashrifi doirasida taqdim qilingan. Rivojlanishning ikkinchi bosqichida amalga oshiriladigan mazkur biznes-rejaning umumiy qiymati 50 milliard soʻmni tashkil etadi. Hozirda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Ip-kalava tayyor gazlamaga aylantiriladigan sexlar qurilishi davom etayotir. Ularda 4 million dollar qiymatiga ega eng zamonaviy toʻquv dastgohlari oʻrnatiladi. Loyihani kelgusi yilning toʻrtinchi choragiga qadar amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
– Agar biz yiliga 3 ming tonna ip-kalavani tashqi bozorga eksport qiladigan boʻlsak, hisobimizga 6 million dollar kelib tushadi, – deydi “Buxoro Fayz tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischi-rahbari Mustaqim Toʻxtayev. – Bordiyu ip-kalavamizni toʻla qayta ishlab, tayyorlangan gazlamani xorijga sotsak, 10 million dollarga ega boʻlamiz. Bundan tashqari, yana kamida 50 ish oʻrni yaratilib, ishchi mutaxassislar soni 150 nafarga yetkaziladi.
Korxonada qayta ishlash doirasi yanada kengayadi. Bu yerda 2022-yilda gazlamadan tayyor mahsulot tikish yoʻlga qoʻyiladi. Bu loyiha samarasida korxonaning yillik eksport quvvati 20 million dollarga yetishi mumkin.
Shubhasiz, korxonaning moliyaviy va iqtisodiy salohiyati oshib boradi. Hisob-kitoblar reallikka asoslangan. “Buxoro Fayz tekstil” MCHJ “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasining qatnashchisi sifatida qator imtiyozlarga ega. U 10 yil mobaynida yer, mol-mulk, foyda soliqlaridan ozod qilingan va boshqa imtiyozlarga ham ega. Shuning hisobidan tadbirkorlik subyekti qanchadan-qancha qoʻshimcha mablagʻga ega boʻladi. Bu esa ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyatlari keng degani.