Mahsulot eksporti yildan yilga ortmoqda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport hajmi yildan yilga ortmoqda.
OKMK Metallurgiya xom ashyosi bilan ta’minlash va sotish boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyul holatiga ko‘ra, kombinat tomonidan 647 million 313 ming dollarlik mahsulot xorijlik hamkorlarga jo‘natilgan. Rejaviy vazifa esa 141,4 foizga uddalangan holda, o‘sish sur’ati 163,3 foizni tashkil etgan. Iyul oyida 98 million 857 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lib, belgilangan reja 138 foizga bajarilgan.

Eksport qilinadigan mahsulotlar kesimida tahlil qilinganda, o‘tgan yetti oyda 55 ming 61 tonna mis mahsulotlari importyorlarga yetkazib berilgan. Xususan, 45 ming 766 tonna mis katodi eksport qilingan. 6 ming 188 tonna mis katankasi eksporti amalga oshirildi. Mis quvurlari eksporti yo‘nalishida vazifalar ortig‘i bilan bajarilib, 3 ming 107 tonna mahsulot xorijlik hamkorlarga yuborilgan.
Yildan yilga tobora xaridorgir bo‘lib borayotgan rux mahsulotlari eksportida ham yuqori natijalar kuzatilgan quvonarli. Xususan, yanvar-iyul holatiga ko‘ra, 39 ming 734 tonna rux mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Nodir va qimmatbaho metallar, jumladan, reniy eksportida 317,8 foiz, kadmiy eksportida 228,9 foiz, molibden mahsulotlari eksportida 138,1 foizlik natija kuzatilgan.
Kimyo sanoatida muhim ahamiyat kasb etuvchi sulfat kislotasi eksporti ham oshayotganini alohida ta’kidlash joiz. Xorijlik xaridorlarga ushbu mahsulotdan o‘tgan davrda 57804 tonna yetkazib berilgan.
Kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksporti geografiyasi Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Ukraina, Polsha, Tojikiston, Indoneziya, Niderlandiya, Xitoy, Turkmaniston, Afg‘oniston kabi davlatlarni qamrab olgan.
A.Musayev, O‘zA