Mahalliylashtirish dasturi amalda
Mamlakatimizdagi mavjud xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etgan holda import o‘rnini bosuvchi va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish ayni kundagi muhim vazifalardan biri.
Mamlakatimizdagi mavjud xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etgan holda import o‘rnini bosuvchi va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish ayni kundagi muhim vazifalardan biri.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 17 sentabr kuni sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini ko‘paytirish, hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni keskin kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shu tartibda har bir hudud bo‘yicha mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlanib, davlat xaridlarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va rag‘batlantirish bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilandi.
Samarqandda viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari” mavzusida o‘tkazilgan seminar ham shu vazifalar ijrosiga bag‘ishlandi.
Unda viloyatdagi korxona va tashkilot rahbarlari, tijorat banklari, sohaga aloqador mutaxassislar ishtirok etdi. Samarqand tumanidagi “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan mazkur ko‘rgazmali seminarda eksportga mo‘ljallangan va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy xomashyo va mineral resurslar negizida ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo, shu jumladan, kichik biznes va yirik korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda uni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, joriy yilda viloyatdagi 11 korxonada mahalliylashtirish dasturi doirasida 25 dan ortiq mahsulot o‘zlashtirilishi belgilangan. Mazkur seminarning aynan ushbu korxonada o‘tkazilgani ham bejiz emas. Chunki bu yerda ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning 90 foizi mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda. Tadbir ishtirokchilari dastlab korxonada mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va kompyuterlashtirilgan ishlab chiqarish jarayoni hamda yangi tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifati, korxonada sanoat kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari bilan tanishdi.
– Korxonamizda yaqinda respublikamiz hududlarida namunaviy loyiha asosida barpo etilayotgan turar joylar qurilishida ishlatiladigan kompozit armatura ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, –deydi korxona bosh konstruktori Abdumalik Abdushukurov. – Innovatsion usullar orqali shisha-tola chiqindilardan ishlab chiqarilayotgan ushbu material oddiy armaturadan bir necha barobar mustahkam, pishiq, chidamli, shu bilan birga yengil hisoblanadi. Bu esa mamlakatimiz ichki bozorini bunday turdagi mahsulotga bo‘lgan talabini to‘la qondirishga asos bo‘lmoqda.
Yana bir yangilik, korxonada “Samarqand avtomobil” zavodi va “JV MAN AUTO-UZBEKISTAN” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan avtobus va yuk avtomashinalari uchun 80 turga yaqin kompozit materiallardan ichki va tashqi qoplamalar tayyorlanmoqda. Ularning sifati jahon andozalari talabiga to‘la javob beradi. Shu boisdan ham ilgarilari import yo‘li bilan olib kelingan mazkur qoplamalar bugungi kunda mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda.
Ko‘rgazmali seminarda Samarqand viloyatida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari, import hajmini qisqartirish hamda mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Bu boradagi harakatlarni yanada jadallashtirish yuzasidan aniq choralar belgilandi.
Seminar ishtirokchilari “UZAVTO TRAILER” va “JV MAN AUTO-UZBEKISTAN” qo‘shma korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi.