Mahalliy mahsulotlar jahon bozoriga qanday chiqadi?
«Suhbatdan muhim raqamlar»: — Namangan viloyatidagi «FAZMAN TEKSTIL» MCHJga xalqaro standartlarni joriy etishda ko‘maklashilishi natijasida Germaniya, AQSH va Meksikaga 5,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. — 2026-yilning to‘qqiz oyida 1 115 ta korxonada 2 609 ta menejment tizimi joriy etildi. Yengil sanoatda xalqaro sertifikatlarga ega korxonalar soni 323 taga yetdi.
Bugun mahalliy mahsulotlarni xorijga olib chiqish uchun faqat ishlab chiqarishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun sifat, xalqaro talablarga moslik va raqobatbardoshlik ham muhim.
Xo‘sh, tadbirkorlar eksportda qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda? Mahsulot sifatini oshirish va «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» belgisining nufuzini mustahkamlash uchun qanday imkoniyatlar bor?
Shu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi boshqarma boshlig‘i Asqarali Asqarov bilan suhbatlashamiz.
— Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan mahalliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish va ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
2026-yil yanvar–sentabr oylarida 7 090 ta korxona o‘rganilib, 1 484 ta eksportyor korxonaga standartlashtirish, sertifikatlashtirish, metrologiya, menejment tizimlari, qadoqlash va yorliqlash bo‘yicha 1 946 ta amaliy yordam va maslahat xizmati ko‘rsatildi.
Shuningdek, 21 ta xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro standartlarni joriy etish va zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil qilish orqali mahsulotlarning tashqi bozorlar talablariga muvofiqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

— Mahalliy tadbirkorlar eksportda qanday qiyinchiliklarga duch keladi va Agentlik ularga qanday yordam bermoqda?
— Tadbirkorlar ko‘pincha xorijiy bozorlarning texnik talablarini aniqlash, xalqaro sertifikatlar olish, laboratoriya sinovlaridan o‘tish va mahsulotni belgilangan standartlarga moslashtirishda qiyinchiliklarga duch keladi.
Agentlik ushbu masalalarni hal etish uchun tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, muammolarni joyida o‘rganmoqda. Jumladan, 15 ta ochiq muloqotda 1 221 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Aniqlangan 104 ta muammoli masalaning 63 tasi hal etildi.
Shuningdek, eksportyorlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi sertifikatlar va sinov bayonnomalarini rasmiylashtirish, zarur standartlarni tanlash hamda akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko‘mak berilmoqda.
— Mahsulotlar sifatini xalqaro talablarga yetkazish uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan? Kichik biznes va oilaviy tadbirkorlar qayerga murojaat qilishi mumkin?
— Korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
2026-yilning to‘qqiz oyida 1 115 ta korxonada 2 609 ta menejment tizimi joriy etildi. Yengil sanoatda xalqaro sertifikatlarga ega korxonalar soni 323 taga yetdi.
Masalan, Namangan viloyatidagi «FAZMAN TEKSTIL» MCHJga xalqaro standartlarni joriy etishda ko‘maklashilishi natijasida Germaniya, AQSH va Meksikaga 5,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik vakillari Texnik jihatdan tartibga solish milliy axborot tizimi tris.uz orqali murojaat qilib, mahsuloti uchun zarur xalqaro standartlar, texnik reglamentlar, laboratoriya sinovlari va sertifikatlashtirish tartiblari bo‘yicha ma’lumot olishlari mumkin.
— «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» belgisining xalqaro nufuzini oshirish uchun qanday ishlar qilinmoqda?
— Milliy mahsulotlarning nufuzi, avvalo, ularning sifati, xavfsizligi va xalqaro talablarga muvofiqligiga bog‘liq.
Agentlik xalqaro standartlarni milliy tizimga uyg‘unlashtirish, sertifikatlashtirish va laboratoriya sinovlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.
2026-yil yanvar–sentabr oylarida 1 310 ta xalqaro va Yevropa standarti qabul qilindi. Milliy standartlarning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashish darajasi 47,2 foizga yetdi.
Bundan tashqari, IQNet xalqaro sertifikatlash tarmog‘idagi ishtirokimizni kengaytirish orqali menejment tizimlari sertifikatlarining xalqaro miqyosda tan olinish imkoniyatlarini oshirish va xorijiy xaridorlar ishonchini mustahkamlanmoqda.
— Kelgusida eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday rejalar bor?
— Kelgusida eksportyor korxonalarga maqsadli bozorlar talablarini aniqlash, xalqaro standartlarni joriy etish va zarur sertifikatlarni olishda ko‘maklashish davom ettiriladi.
2026-yil yakuniga qadar yana 385 ta korxonada menejment tizimlarini joriy etish, grant va texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan 15 ta seminar-trening tashkil qilish hamda 600 nafar mutaxassis malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan yangi sinov laboratoriyalarini tashkil etish, mavjud laboratoriyalarni modernizatsiya qilish va muvofiqlikni baholash natijalarining xorijda tan olinish imkoniyatlarini kengaytirish ishlari olib boriladi.
Asosiy maqsadimiz — tadbirkorlar uchun eksport jarayonini soddalashtirish, texnik talablarga muvofiqlikni ta’minlashdagi qiyinchiliklarni kamaytirish va mahalliy mahsulotlarning jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirishdir.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.