Mahalliy kengashlarning mahalla bilan hamkorligi mustahkamlanadi
Mahalla – aholi bilan davlat o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik vazifasini bajarib, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, “mahalla yettiligi” mexanizmi joriy etilgani mahallalarda muammolarni kompleks yondashuv asosida hal qilish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Senatda tashkil etilgan “Mahalla – islohotlar markazida: mahalliy vakillik organlari va “mahalla yettiligi”ning hamjihat faoliyati” mavzusida davra suhbatida shu haqda gap bordi.
Davra suhbatida mamlakatimizda mahalla institutini yanada rivojlantirish, aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishda mahalliy kengashlar hamda “mahalla yettiligi”ning o‘rni va ahamiyati xususida fikr yuritildi.

Muloqot davomida mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi
Davra suhbati yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida mahalla faoliyatini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va jamoat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA