Mahalliy Kengashlar faoliyati takomillashtiriladi
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalliy vakillik hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlarini aniq belgilash va ularning huquqiy asoslarini mustahkamlash orqali hududiy boshqaruv samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, Xalq deputatlari kengashlarining qo‘shimcha vakolatlari faqat qonun hujjatlari bilan belgilanishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi raisi bir vaqtning o‘zida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashga raislik qilishi belgilanmoqda.
Qayd etilganidek, ushbu hujjat mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyatini yanada samarali tashkil etishga, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarda mahalliy Kengashlarning rolini ortishiga va bu borada ijro hokimiyati bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA