Mahallamiz tennischilari
Nukusda “Mahallamiz stol tennischilari” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Nukusda “Mahallamiz stol tennischilari” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.Yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, oilada sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada 30 yoshgacha bo‘lgan er-xotin, 11 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlardan iborat jamoalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi vazirliklari, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqaning mahallalararo hamda tuman va shahar bosqichlarida 1 ming 295 yosh oila va 2 ming 836 nafar voyaga yetmagan yoshlar ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 15 yosh oila va 30 nafar voyaga yetmagan yoshlar o‘zaro bahslashdi.
Qanliko‘l tumanining “Do‘stlik” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi O‘rozbek Erimov oilasi birinchi o‘rinni egalladi. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada Amudaryo tumani Chordara mahallasidan Dilshod Rajapov, qizlar o‘rtasida Nukus shahrining “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inidan Nasiba Umrboyeva g‘olib bo‘ldi.
– Bunday tadbirlar mahallada, oilada sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga, farzandlarimizning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga xizmat qiladi, – deydi musobaqa g‘olibi O‘.Erimov. – Musobaqa g‘olibi bo‘lganimizdan xursandmiz. Sport bilan doimiy shug‘ullanish bundan buyon ham oilamizning kundalik turmush tarzi bo‘lib qolaveradi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.