Mahallalardagi yoshlar yetakchilari o‘qitilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvarda qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tog‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yurtimizdagi mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
Yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, ularning muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan qaror tub mohiyatida avvalo ishlarni “mahallabay” tizimga o‘tkazish nazarda tutilgan. Ya’ni, yoshlar bilan ishlashning “mahalla – tuman – viloyat – respublika” boshqaruv tizimi yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan o‘quv seminarda yoshlar yetakchilariga mazkur yangi tizimning tub mohiyati, maqsad va vazifalar tushuntirilmoqda.
Masofaviy onlayn shaklda o‘tkazilayotgan seminarda Samarqand viloyatidagi barcha tuman va shaharlardagi mahallarda ish boshlagan 1120 nafar yoshlar yetakchilari ham ishtirok etmoqda.
– Ushbu seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir mahallada yoshlar yetakchilarining vazifalarini belgilab berish, ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek, ularning huquq va vakolatlarini tushuntirishdir, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i R.Saidazarov. – O‘quv davomida yetakchilar ish faoliyati uchun kerakli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda, “mahallabay” tizim bo‘yicha ishni to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan tavsilar olyapti.
Jumladan, yoshlar bilan samarali muloqot olib borish mexanizmlari, mahallada madaniy tadbirlar tashkil etish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, imkoniyati cheklangan yigit-qizlarning ijtimoiylashuviga keng sharoitlar yaratish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish kabi qator mavzularda mazmunli ma’ruzalar tinglandi. Yoshlarga beriladigan 13 turdagi yordam bevosita yoshlar yetakchisining tavsiyasiga binoan ko‘rsatilishi tartibi tushuntirildi. Ushbu tartib asosida yoshlar bilan ishlashning amaliy mexanizmi shakllanadi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 4578 nafar yoshlar orasidan saralangan 1120 nafar yetakchilarning 968 nafarini erkaklar (jumladan, 714 nafari muddatli harbiy xizmatni o‘tagan), 152 nafari xotin-qizlardir. Ularning 7 nafari 20 yoshgacha, 33 nafari 35 yoshdan yuqori va 1080 nafari 20-35 yosh oralig‘idagi faol yoshlar hisoblanadi.
G‘.HASANOV, O‘zA