Mahallalardagi muammolar o‘rganildi
Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari hududlardagi mavjud muammolarni hal etish, fuqarolarga qulay shart-sharoit yaratishda muhim o‘rin tutadi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlari - Habibulla Oqilov va Nigora Eshmetova tomonidan 6-Sarbon saylov okrugi hududidagi mahallalarda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni manzilli hal etish maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, Alisherobod mahallasida bolalar va yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy ochiq sport maydonini tashkil etish masalasi o‘rganildi. Hududda bo‘sh yer maydoni mavjudligi aniqlanib, mutasaddilar bilan zarur ishlar muhokama qilindi.
Ijodkor mahallasida esa elektr energiyasini uzatuvchi 15 ta simyog‘ochning eskirgani, shuningdek, 15 ta xonadon kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta’minlanmagani aniqlandi.
Shuningdek, ichki yo‘llar va tungi yoritish tizimi bilan bog‘liq masalalar ham o‘rganildi. Jumladan, Ijodkor mahallasidagi 150–200 metr ichki yo‘lga, Alisherobod mahallasidagi Milliy bog‘ ko‘chasining 70 metr qismiga asfalt qoplamasi yotqizish hamda Ijodkor mahallasining ichki ko‘chalarini yoritish zarurati qayd etildi.
Deputatlar tomonidan aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish, masalalarni nazoratga olish va aholi uchun qulay infratuzilma yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova,
O‘zA