Mahallalarda xavfsiz muhit yaratiladi
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tomonidan qaror ijrosi bo‘yicha tizimda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bugunga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

Joylarda Qo‘mita mas’ul xodimlari va ishchi guruhlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov, Ichki ishlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha taklif va tavsiyalarini aytib o‘tdi hamda erishiladigan natijalar haqida ma’lum qildi.

Yig‘ilishda shuningdek, milliy qadriyatlar va liboslarni targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda mutasaddilar muhokama etilgan mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
N.Usmonova, O‘zA