Mahallalarda mansabdorlarning hisobotlari eshitilmagan
22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini mustahkamlashda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish borasidagi islohotlar haqida so‘z borar ekan, mahallalarning moddiy-texnika ta’minoti xatlovdan o‘tkazilib, 252 tasiga yangi bino qurilgani, 471 tasi ta’mirlangani, 59 tasi rekonstruksiya qilingani aytib o‘tildi. 2 ming 755 tasining moddiy-texnikasi yaxshilanib, 9 ming 452 nafar mahalla raisiga planshet berilgan. “Mahalla yettiligi” faoliyati uchun “Raqamli mahalla” platformasi joriy etilib, 40 dan ortiq davlat organlari platformalari bilan integratsiya qilindi.

Mahallalarni ishsizlik, kambag‘allik, oilaviy ajrimlar, migratsiya va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadida 9 ming 452 ta mahalla, 208 ta tuman va shahar, 14 ta hudud, shuningdek, respublika “Ombor daftari”lari shakllantirildi.
Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ta’minlanmoqda.

Shuningdek, davra suhbatida qo‘mita tomonidan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunning14-moddasi ijrosi yuzasidan Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar yakunlari ham ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish qonun talablari asosida amalga oshirilmayotgani aniqlangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan 2024 yilning noyabr oyida davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish bo‘yicha respublika miqyosida ko‘rgazmali onlayn seminarlar tashkil etilganiga qaramay, ayrim mahallalar tomonidan ushbu tadbirlar davom ettirilmagan.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan bir qator taklif-tavsiyalar berildi va bu sohada samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA