Mahallalarda kriminogen vaziyat yaxshilanmoqda
IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Yunusobod tumanining “Qashqar” mahallasida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ma’lumki, Prezidentimizning joriy yil 3-yanvardagi qarori bilan mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan edi. Mazkur qaror asosida so‘nggi yillarda “qizil” toifada qolayotgan “Qashqar” mahallasida ham tizimli ishlar boshlab yuborildi.
Mahallaga biriktirilgan akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Hududiy “yo‘l xarita” ijrosini ta’minlash maqsadida joylarga 5 ta tashvish tugmasi, 28 ta zamonaviy kamera o‘rnatilib, 18 ta ob’ekt texnik qo‘riqlovga olindi. Xonadonlarni o‘rganish davomida 16 nafar alohida toifadagi, 8 nafar ijtimoiy profilaktika ob’ekti bo‘lgan shaxs aniqlanib, “yettilik” xodimlariga biriktirildi. Mahallada 2 ta “xavfsiz uy” va bitta “xavfsiz ko‘cha” tashkil qilindi.
Bugungi kunda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”, sayyor qabul, mehnat yarmarkasi va boshqa tadbirlar orqali har bir oila, xonadondagi ijtimoiy-maishiy muammolar o‘rganilib, ularni hal qilish choralari ko‘rilmoqda.
Akademiya boshlig‘i mahalla faollari bilan uchrashuvda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Mahallada xavfsiz va barqaror muhitni shakllantirishda fuqarolarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, alohida toifadagi shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish, “jinoyat o‘choq”lariga barham berish, har bir murojaatga tezkorlik bilan javob berish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, uchrashuvda nizoli oilalardagi muammolarga yechim topish, ijtimoiy-maishiy muhitni sog‘lomlashtirish, ko‘p sodir qilinayotgan jinoyatlar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, “mahalla yettiligi”ning aholi bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, mahallani “yashil” toifaga o‘tkazish borasida tavsiyalar berildi.
O‘rganishlar yakunida kelgusidagi vazifalar yuzasidan qator vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati