Mahallalar yanada faol va hamjihat bo‘lsin!
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA)ning Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi “Jamiyat islohotlar tashabbuskori: jamoat birlashmalari ijtimoiy va madaniy maqsadlarga erishish yo‘lida” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda jamoat birlashmalarining faolligini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Dilmurod Izzatov jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda jamoat birlashmalarining faolligini oshirish bugun har qachongidan ham dolzarb ekanini ta’kidladi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi boshlig‘i Soqijon Karimov aholi muammolari bilan ishlashda, ularni tezkor aniqlash va bartaraf etishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rnini alohida qayd etdi. Bu borada “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmalarining vazifalari yuzasidan batafsil fikr bildirildi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fond, O‘zNNTMA huzuridagi fond hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi fond faoliyati, ular tomonidan e’lon qilinayotgan tanlovlar, tanlovlarda g‘oliblik hamda grant mablag‘laridan foydalanish masalalari bo‘yicha ham batafsil tushuntirish berildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqiy savodxonlik, yoshlar tarbiyasi, atrof-muhitni asrash, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator loyihalarni amalga oshirishda faol hissa qo‘shmoqda.
Tadbirda, shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘linmalari rahbarlari va hisobchilari ishtirokida kun tartibidagi hamda mahallalar faoliyatiga aloqador masalalar yuzasidan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida O‘zNNTMAga a’zo bo‘lgan “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘linmalariga a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
N.USMONOVA, O‘zA