Mahalladan maydonga: Jizzaxda 30 yoshdan oshganlar sportiga keng yo‘l ochildi
Jizzax shahridagi Kibersport arenada “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 30 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida sport musobaqalariga start berildi. Tadbir mahallalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholining jismoniy faolligini oshirish va ommaviy sportni yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Musobaqalar ochilish marosimida mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar yurtda inson qadrini ulug‘lash, aholi salomatligini mustahkamlash hamda sportni hayot tarziga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tishdi.
Ayniqsa, bu galgi bellashuvlarning 30 yoshdan oshgan aholi qatlamini qamrab olayotgani e’tiborlidir. Zero, sport nafaqat yoshlar, balki katta avlod vakillari uchun ham sog‘lom hayot, yuqori kayfiyat va faol turmush garovi hisoblanadi.

Uch bosqichda o‘tkaziladigan musobaqalar mini-futbol, voleybol, stol tennisi, stritbol, vorkaut, shuningdek, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha tashkil etilmoqda. Bu esa mahallalarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, aholini jamoaviylik va birdamlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Bugun sport maydonlarida faqat g‘oliblar emas, balki sog‘lom va faol hayot tarafdorlari ham kamol topmoqda. Jizzaxda boshlangan mazkur musobaqalar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari