Mahalladagi yangi tizim o‘z samarasi berdi
Yakuniga yetayotgan yilda mamlakatimizdagi mahallalarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli lavozimlari tashkil etilib, “xonadonbay” ish olib borildi.
Samarqand viloyatidagi 1126 mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham mazkur tizim samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.Yil davomida barcha hokim yordamchilari tomonidan 740 ming 804 ta xonadon xatlovdan o‘tkazilib, buning natijalari Online-mahalla.uz platformasiga kiritildi. Oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab to‘rt toifaga ajratildi va shu asosida ularga manzilli yordam ko‘rsatildi. Jumladan, aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida 103 ming 517 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. 23 ming 635 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi va tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘ldi. Yil davomida 37 ming 720 nafar fuqaroga 821,7 milliard so‘m kredit ajratilib tadbirkorlikka yo‘naltirildi va ularning bandligi ta’minlandi.
Yoshlar yetakchilari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida 876 ming 528 nafar yoshlar balansi shakllantirildi. Xatlov natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari hamda bandligi ta’minlanmagan 44 ming 507 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritish uchun tavsiya etildi.
– Yoshlar yetakchilarining 977 nafarini erkaklar, 149 nafarini ayollarni tashkil etdi, – deydi yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Avvalo, mahallalarda ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit yaratib berishga harakat qildik. Planshet, kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi. Shundan so‘ng ishining natijadorligini so‘radik, faoliyatiga baho berdik. Yaxshi ishlagan yetakchilar har oy rag‘batlantirildi. Ishni uddalay olmaganlari bilan xayrlashdik. Umuman, bugun yil davomida yetakchilar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilganimizda yaxshi natijalar ko‘pligidan quvondik. “Yoshlar daftari”gi kiritilgan yoshlarning deyarli barchasiga zarur yordam ko‘rsatildi. Asosan, ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratib berildi. Kelgusi yilda ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, mahallalardagi har bir yoshning hayoti, orzu-umidlari bilan qiziqib, ularni qo‘llab-quvvatlashni oldimizdagi asosiy maqsad sifatida belgiladik.
G‘.HASANOV, O‘zA