Mahalladagi daromadning barakasi bor
So‘nggi paytlarda aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zini o‘zi band qilgan hamda tashabbuskor fuqarolarning tadbirkorlikka qiziqishlarini aniqlash, birinchi navbatda mahallalarda kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mikroloyihalar dasturini shakllantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, “Yoshlar bandligi dasturi”ni mahallada amalga oshirish va davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yil boshidan Toshkent viloyatida 312,5 ming aholi daromadli mehnat bilan ta’minlangan. Mahallada aholini tadbirkorlikka jalb qilish orqali daromadlarini oshirish maqsadida kichik va o‘rta biznes uchun tijorat banklari tomonidan loyihalarga 433,4 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Jumladan, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” va “Biznesga birinchi qadam” kabi dasturi doirasida minglab aholi bandligi ta’minlanmoqda. Misol uchun, Yangiyo‘l tumani Bunyodkor mahallasidagi Hilola Tojiqo‘ziyevaga bundan ikki yil oldin turli yo‘nalishlarda to‘garak tashkil etishi uchun 32,8 million so‘m kredit ajratilgan edi. Bugungi kunda uning biznesni rivojlangani tufayli yana xususiy maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish maqsadida 100 million so‘m kredit ajratib berildi. Hozir bu bog‘chada 3 nafar mutaxassis bandligi ta’minlandi. O‘z navbatida shu mahalladagi bog‘cha yoshidagi bolalar ham qamrab olindi.

Ta’kidlash lozimki, mahallalarda mikroloyihalarni amalga oshirish uchun viloyat tijorat banklari tomonidan kredit mablag‘lari ajratilyapti. Bu yo‘nalishda hozirgacha 12 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi. Toshkent tumani Qirariq mahallasida yashovchi oilaviy tadbirkor Gulchehra Sunnatova tomorqasida 3 sotixli issiqxona tashkil etdi. Buning uchun u 21 million so‘m imtiyozli kredit oldi. Hozir issiqxonada 3 ming tup atirgul ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali uning 3 nafar oila a’zolari ham ishli bo‘ldi. Har 2 oyda 9 ming dona atirgulni mahalliy bozorlarda o‘rtacha 3 ming so‘mdan sotish orqali yiliga 162 million so‘m daromad topmoqda.

Tomorqadan samarali foydalanish borasida viloyat aholisining katta tajribasi bor. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni paytda hududdagi 656 ming 586 ta aholi xonadonlaridagi 29,93 ming gektar tomorqa maydonlariga ekinlar ekildi. Xususan, 6,9 ming gektar sabzavot, 11,1 ming gektar poliz, 6 ming gektar kartoshka, 1,6 ming gektar dukkakli ekinlar, 4,3 ming gektar boshqa ekinlar parvarishlanmoqda.

Shuningdek, Chinozda aholi vakillari o‘z tomorqasida sifatli ko‘chat yetishtirish evaziga yuqori daromadga ega bo‘lmoqda. “Birlik” mahallasida yashovchi Zafar Xoliqulov 12 sotix tomorqa maydonida “Sayxunobod tajribasi” asosida sabzavot ko‘chatlarini yetishtirmoqda. U issiqxona tashkil qilgan va 300-400 ming tupga yaqin pomidorning oliy navini yetishtirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan donasi 1 ming so‘mga xarid qilingan pomidor urug‘lari ko‘chat holiga keltirilgandan so‘ng, issiqxona egalariga 1 ming 800 so‘mga sotiladi.
Muhimi, “Sayxunobod tajribasi” keng ommalashayotgani hududda aholi farovonligini oshishiga xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.