Mahallada ish o‘rni yaratildi (+video)
Toma-toma ko‘l bo‘lur, deganlaridek Farg‘ona viloyatida aholini band qilish, ishchi o‘rni yaratish borasida har bir imkoniyatdan foydalanilmoqda. Masalan Rishton tumanini olaylik. Aslida bu yerda ishsiz bo‘lmasligi kerak. Chunki tuman ahli yoppasiga kulolchilik bilan mashg‘ul. Yo‘q, Prezident topshirig‘i bilan mahalla yettiligi uyma-uy yurib har bir fuqarogacha yetib borganida hali bu borada qilinadigan ishlar yetarlicha ekani aniqlandi.
Toshog‘alik mahallasida 538 ta xonadon bo‘lib, 2726 nafar yurtdoshlarimiz yashamoqda. Undagi ishsizlar ro‘yxatga olingach yangi yo‘nalishlar ochildi.
–Aslida mahallamizda kulolchilik, chinnichilik rivojlangan. Lekin har bir xonadon qiziqishiga qarab tadbirkorligiga ko‘maklashyapmiz, issiqxona qurib beryapmiz, - deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Adhamjon Azizov. – Mahallada bo‘sh turgan bino bor edi, unga 40 ga yaqin tikuv mashinalari qo‘yildi. Odamlarni rozi qilish yo‘lida harakat qilyapmiz.

Shunda Ulug‘bek Abdullajonovlar oilaviy korxona ochdilar. Uyda o‘tirgan deyarli har bir ayol tikuvchilikka moyil. Ularni tez fursatda o‘qitib o‘rgatdilar. Xom ashyo – mato keltirishdan avval bozor, ya’ni ehtiyoj tahlil qilindi, mijoz, xorijdan importer izlab topildi. Shundan keyingina buyurtma asosida kiyim tikish boshlandi.

–Ko‘p qavatli yangi qurilgan uylarda oilam bilan istiqomat qilamiz. Ikkita farzandim bor. Uyda o‘tirar edim. Mana endi shu yerda chevarchilik qilyapman, - deydi tikuvchi Nilufar Ergasheva. – Seximizda 25 nafar qiz-juvon ishlayapti. Undan tashqari yana mahallada 35 ta kasanachi tikuvchilar ham bor.
Shu kunlarda mahallaning oilaviy korxonasida qizlar uchun bejirim ustki kiyimlari tikilmoqda.

–Bu mahsulotlarni Toshkent va Qo‘qondagi mijozlar ulgurji sotib olyapti. Undan tashqari yana Qirg‘iziston, Tojikistonga ham eksport qilinadi, - deydi Nilufar.
Ochig‘i, to‘rt-besh yil avval mahallalarda Rishtondagi kabi oilaviy tikuv korxonalari bo‘ladi, ularda shu mahallaning aholisi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradi deyilsa, bir oz ishonqiramagan bo‘lardik. Lekin maqsad qilinsa, oldiga shunday marra qo‘yilsa albatta unga erishilar ekan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/vi1iLjWf1as" title="MAHALLADA ISH OʻRNI YARATILDI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov, O‘zA