Mahalla yoshlariga haqiqiy yo‘lboshchi
Ma’lumki, respublikamizdagi jami 9 ming 309 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyat yuritmoqda. Ular ichida o‘z vazifasini astoydil bajarib, yoshlar bilan samarali ishlarni tashkil qilayotgan, jumladan, mahalladagi yoshlarning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish, hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashib liderlik qilayotganlar talaygina.
Xususan, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Baxt” mahallasi yoshlar yetakchisi Bobur Najmiddinov o‘z mahallasi yoshlariga haqiqiy yo‘lboshchi bo‘la oldi.
– “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinganimdan keyin o‘zim kabi bir nechta mahalla yoshlari bilan Farg‘onaga sayohat qilib, o‘z xonadonida kichik biznes tashkil etgan tadbirkorlar bilan tanishdim, – dedi yosh tadbirkor Boburjon Jo‘raqulov. – Ular orasida penablok ishlab chiqarayotgan yoshlarning tajribasiga qiziqib, men ham o‘z xonadonimda shunday biznesni yo‘lga qo‘yishni niyat qildim. Bu borada mahallamiz yoshlar yetakchisi Bobur Najmiddinov meni qo‘llab-quvvatlab, penablok ishlab chiqaradigan uskunalarni subsidiya asosida ajratib berdi. Mazkur mahsulot haqiqatan ham kamxarajat va xaridorgir ekan. Ish boshlaganimdan keyin oyiga 5-6 million so‘m atrofida daromad topyapman.

Bobur Najmiddinov mahallada yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlashi bilan 28 nafar uyushmagan yoshni “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga oldi. Hozir ularning 24 nafariga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘ evaziga ularning har biri o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi. Ana shunday yoshlardan biri Ilhom Hoshimov 27 million 800 ming so‘m miqdorda imtiyozli kredit oldi. Hozirda Ilhom parrandachilik bilan shug‘ullanmoqda.
– Yillar davomida Rossiya davlatida migrant bo‘lib, oila boqardim, –dedi tadbirkor Ilhom Hoshimov. – Yaqinlarimning qistovi bilan yurtimga qaytdim. Qaytib kelganimning ertasi kuni yoshlar yetakchisi Bobur Najmiddinov nima ish bilan shug‘ullanish niyatim borligini so‘radi. Tabiiyki, menda javob yo‘q edi. Shundan so‘ng, yoshlar yetakchisi menga parrandachilik bilan shug‘ullanishni taklif qildi. Buning uchun imtiyozli kredit olishim mumkinligini aytdi. “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinganimdan so‘ng imtiyozli kredit ajratildi. Bu pulga mingta jo‘ja va parrandachilikda zarur bo‘ladigan jihozlar hamda don-dun sotib oldim. Hozir parranda go‘shti yetishtiryapman. Olgan jo‘jalarimni bir oy muddatda go‘sht uchun topshiraman. Sof daromadim oyiga 4-5 million so‘mni tashkil etmoqda.
Yuqoridagi ma’lumotlardan shuni anglash mumkinki, yetakchi Bobur Najmiddinov o‘z sohasining tub mohiyatini bilgan holda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA