Mahalla yoshlari uchun yangi tuhfa
Mirzo Ulug‘bek tumanida yoshlar uchun tashkil etilgan, yugurish, futbol va basketbol maydonchasidan iborat sport majmuasi munosib sovg‘a bo‘ldi. Yashil tusda bejirim bezatilgan futbol maydonchasiga oshiqayotgan bolalarning xursandchiligi cheksiz.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” dasturi asosidagi vazifa va talablarga amaliy javob bo‘lgan ushbu sport majmuasining ochilishida mahalla faollari, mehnat faxriylari, tuman deputatlari hamda TIQXMMIning professor o‘qituvchilari ishtirok etdi. Mazkur tadbirning ahamiyati borasida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, TIQXMMIning rektori, professor O‘ktam Umurzoqov, tuman hokimi Shavkat Ergashev va mahalla faxriylaridan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Muqaddas Abdusamatovalar so‘zga chiqdi.
Majmuaning ochilishidagi ramziy tasmani qirqish uchun professor O‘ktam Umurzoqov, tuman hokimi Shavkat Ergashev, mahalla faollaridan mehnat faxriylari iste’fodagi polkovnik Abdug‘ani Abduqayumov, nafaqadagi professor Husan Valijonovlar taklif etildi.
Barkamol avlod maktabining iqtidorli o‘quvchilari ishtirokida jozibali raqslar namoyish etildi. Tadbir nihoyasida mahallaning yosh sportchilari yashil maydonchada to‘p sura boshlashdi. Mahalla faollari ushbu majmuaning ochilishida jonbozlik ko‘rsatgan tuman hokimligi va institutimiz rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
TIQXMMI matbuot xizmati