Mahalla yo‘llari yanada ravon bo‘ladi
Prezidentimizning joriy yil 25 oktyabrda qabul qilingan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Farg‘ona viloyatidagi 716 ta mahallalarda 719 ta loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 1 trillion 107,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilayotgan bo‘lib, natijada aholini yillar davomida qiynayotgan muammolar yechim topmoqda.
Uchko‘prik tumanida qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minotini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga muhim e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, “Zig‘ir” mahalla fuqarolar yig‘inida yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish, ichki ko‘chalarni ta’mirlash, yog‘in-sochinli kunlarda aholiga qulaylik yaratish maqsadida bosqichma-bosqich asfalt yotqizish va shag‘allashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Dastlab, tuman hokimligi tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 2 ming 300 metr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Ayni vaqtda mahalla hududidagi 4 ming metr ichki va asosiy yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari boshlandi. Bu ishlar uchun 2 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining elektr-energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Katta tol, Obodtepa va Guliston ko‘chalariga 3 ta transformator punktlari o‘rnatildi.
M.Sulaymonov, O‘zA