Mahalla — xalq va davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan «Mahalla — Yangi O‘zbekiston islohotlarining ostonasi» mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Unda deputatlar, davlat organlari va idoralari rahbarlari, mahalla tizimi vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar, yosh tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mahalla institutining huquqiy maqomi, vakolatlari va jamiyat hayotidagi o‘rni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugun mahalla davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli muloqot maydoni, aholi muammolarini joyida hal qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, oilalar farovonligini mustahkamlash va fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning eng muhim bo‘g‘ini sifatida faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning yurtimizda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi mahalla institutini yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga, jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, uning jamiyatdagi nufuzi va rolini yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Prezidentimizning 2026-yil 24-iyundagi «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni esa mahalla tizimini yanada takomillashtirish va uning faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Mahallada «yettilik» tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani, mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilgani va ular boshchiligida «yettilik» vertikal tizimi yaratilgani mahallani aholiga eng yaqin va natija uchun javob beradigan boshqaruv bo‘g‘iniga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi mamlakatimiz taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichi sifatida yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishilgan natijalarni tahlil qilish, mavjud tajribani umumlashtirish hamda kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun muhim imkoniyat ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida mahallalarda ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoatchilik nazorati, raqamli boshqaruv va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, mahallalar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish, davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish va mahallaning tashabbuskorlik salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
— Mahalla jamiyat hayotining muhim bo‘g‘ini bo‘lib, islohotlarning amaliy natijasi, avvalo, mahallalarda namoyon bo‘ladi, — deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari Abdullo Aslonov. — Bugun mahalla instituti xalq va davlat o‘rtasidagi eng ishonchli tuzilmaga aylandi. Bu esa aholi muammolarini joyida va tezkor hal etish, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularning tashabbus va takliflarini boshqaruv qarorlarida inobatga olishga xizmat qilmoqda.
Konferensiya yakunida mahalla institutini yanada rivojlantirish, uning huquqiy va institutsional asoslarini yanada takomillashtirish, davlat organlari, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA